O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHarqshunoslik institutida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevori” mavzusida anjuman bo'lib o'tdi. O'zbekiston “Adolat” SDP Toshkent viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, “YOshlar parlamenti” “Ayollar qanoti”, “YOsh adolatchilar” qanoti a'zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirning maqsadi – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquq va erkinliklarining kafolati, xalqimiz siyosiy-xuquqiy tafakkurining yuksak namunasi, davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnoma ekanligi, uning hayotimizdagi o'rni va ahamiyatini keng targ'ib etishdan iboratdir.
“Adolat” SDP ciyosiy rengashi raisi Bahrom Abduhalimov tadbirni kirish so'zi bilan ochar ekan, jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish borasidagi asosiy vazifamiz - bu adolatli qonunlar qabul qilish, jinsi, millati, tili va diniy e'tiqodidan qat'i nazar, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini ta'minlash masalalariga tinglovchilar diqqatini qaratib, tadbir ishtirokchilarini ushbu bayram bilan muborakbod etdi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisi Qutbiddin Burxonov so'zga chiqib, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo'lgan Konstitutsiyamiz avlodlar uchun hayot qomusi, davrning o'zi o'rtaga qo'yadigan dolzarb muammolarni echish yo'lida mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilayotganini ta'kidladi.
Darhaqiqat, O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligi va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, konstitutsiyaviy huquq hamda erkinliklarini ta'minlash, jamiyatda ayniqsa yoshlar orasida huquqiy madaniyatni shakllantirishni ustuvor vazifa shuningdek, mamlakat kelajagini intellektual etuk va iqtidorli yoshlar qo'lida deb biladi.
Har tomonlama iste'dodli yoshlarni aniqlash hamda qo'llab-quvvatlash bo'yicha bir qator maqsadli vazifalar amalga oshirilmoqda, natijada partiya saflarida yoshlar ishtiroki ortib bormoqda.
O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy – xuquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo'lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo'lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o'sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Tantanali tadbirda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi munosabati bilan ijtimoiy-siyosiy hayotda faol mehnat qilib, namuna ko'rsatayotgan bir qator partiya faollari va xodimlari tashakkurnoma va ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.