Kun tartibidan yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq, ilk bor quyi palatada Bosh vazir lavozimiga nomzod va Hukumatning kelgusi 5-yilga moʻljallangan harakatlar dasturini koʻrib chiqish masalalari oʻrin olgan.
Soʻzining avvalida davlatimiz rahbari mamlakatimiz oʻz oldiga qoʻygan strategik va joriy vazifalarni amalga oshirishda barcha boʻgʻindagi ijro organlari, avvalo, Hukumat va uning rahbari zimmasidagi masʼuliyat hozirgi murakkab zamonda har qachongidan ham ortib borayotganini taʼkidladi.
Bugun mutlaqo yangi vakolat va vazifalarga ega boʻlgan Hukumat shakllanayotgani qayd etildi.
Buni Konstitutsiya darajasida birinchi marta kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, investitsiya, ekologiya kabi muhim yoʻnalishlarda Vazirlar Mahkamasining majburiyatlari belgilab qoʻyilgani ham tasdiqlaydi.
Xalqimiz bugun ana shunday hal qiluvchi masalalar boʻyicha yangi Hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda.