Tadbirni ochar ekan, davlatimiz rahbari pandemiyani yengib oʻtish doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtaldi.

“Pandemiya davrida dunyo boʻylab koronavirus aniqlangan 200 million nafar bemorning 4,2 million nafari vafot etdi. Mamlakatimizda ham iyun oyining ikkinchi yarmi va iyul oyidan kasallanish koʻrsatkichlari keskin oʻsib, kunlik yangi kasallanish holatlari oʻrtacha 750-800 tani, pnevmoniya esa 450-500 tani tashkil etmoqda.

Bugungi kunda 10 mingga yaqin bemor shifoxonada, 3 ming nafari uy sharoitida davolanayotgan boʻlsa, 2,4 ming nafari ogʻir, 890 nafari oʻta ogʻir ahvolda.

Shunday boʻlsada, kasallikni davolash va uni oldini olish boʻyicha yetarli tajriba orttirdik. Sogʻliqni saqlash tizimi shay holatga keltirilib, barcha zarur vositalar, yetarli dori-darmon va tibbiyot jihozlari bilan taʼminlandi. Ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlari keskin karantin cheklovlarisiz faoliyatini davom ettirmoqda.

Pandemiyadan imkon qadar yoʻqotishlarsiz oʻtishimiz va keyingi toʻlqinlarga yoʻl qoʻymaslik uchun, xalqimizdan 3 ta muhim shartga qatʼiy amal qilish talab etiladi.

Birinchidan, virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti – bu albatta vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar 4 turdagi 13 million doza vaksina olib keldik. Qaysi turdagi vaksina bilan emlanish boʻyicha aholida tanlash imkoniyati paydo boʻldi.

Shu bois emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida kuni kecha maxsus qonunni imzoladim. Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga sogʻligʻiga koʻra qarshi koʻrsatma boʻlmagan, lekin profilaktik emlashni rad etgan xodimlarini ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi”, dedi davlatimiz rahbari.

"Ikkinchidan, shaxsiy gigiyena va ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya qilish, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish – kasallikdan eng samarali himoya ekanini unutmaslik lozim.

Afsuski, odamlarimiz bu talabni unutib, esdan chiqarib qoʻygani ham, ayni haqiqat. Cheklovlarga qaramasdan, joylarda koʻp kishilik toʻylar, turli xil marosimlar toʻxtagani yoʻq.

Shu bilan birga, joriy haftadan oliygohlarga kirish uchun test imtihonlari boshlanadi, bu tadbirlarda respublika boʻyicha kuniga 100 mingga yaqin abituriyent qatnashadi. Ushbu tadbirlarni ham karantin talablari asosida tashkil etish zarur.

Uchinchidan, kasallik yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni oʻzboshimchalik bilan, pala-partish dori vositalarini isteʼmol qilishini oldini olish zarur.

Afsuski, bemorlar uy sharoitida notoʻgʻri davolanishlari natijasida ogʻir oqibatlar kelib chiqmoqda", - dedi Prezident.

Sogʻliqni saqlash mutasaddilari oldiga uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni tizimli nazoratini hamda toʻgʻri davolanishni targʻib qilish topshirigʻi berildi. Buning uchun, maxsus tibbiyot brigadalari sonini kamida 2 baravarga oshirish, ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Bosh prokurorga viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bilan birgalikda dorixonalarda koronavirusga qarshi qoʻllaniladigan dori vositalari narxining asossiz oshishi va ularning noqonuniy aylanmasi boʻyicha kunlik nazorat tadbirlarini kuchaytirish topshirildi.