Xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan oʻzgardi

    Davlatimiz rahbari bu yilgi parlament saylovlarining eng muhim jihatlari haqida toʻxtalib oʻtdi.

    Avvalo, ular yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq oʻtkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi. Huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, masʼuliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi.

    Bundan tashqari, oʻtgan sakkiz yillik davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan oʻzgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi.

    Bularning barchasi aralash saylov tizimini joriy etishga mustahkam zamin yaratdi. Koʻplab davlatlarda bunday islohotlarni oʻtkazish uchun oʻn yillar kerak boʻlgan. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston aralash saylov tizimini qisqa fursatda, dadil joriy etishga erishgan kam sonli mamlakatlardan biri, deyishga munosibdir.

    Yangi tizim har bir saylovchining ovozi Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrni uchun muhim ekanini, bu borada adolat tamoyili yanada kuchayganini ham koʻrsatdi.