Uchrashuvda Senat Raisi T.Narbayeva bolalarni 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan tabriklab, ularga Senat faoliyati, yalpi majlislar zalida qabul qilinayotgan qonunlarga qisqacha toʻxtaldi hamda bugun yurtimizda oʻqib izlanishga barcha imkoniyat mavjud ekanligini qayd etib oʻtdi.

“Xususan, oʻqib-oʻrganishlaringiz uchun zamonaviy maktablar, jismonan chiniqishingiz uchun sport inshootlari, isteʼdodingizni rivojlantirish uchun turli markazlar tashkil etilgan va boshqa koʻplab imkoniyatlar qoʻlingizda.

Soʻnggi yillarda barchaning bepul taʼlim olishga boʻlgan haq-huquqi taʼminlangani holda, individual taʼlimga ham katta eʼtibor qaratilyapti.

Ijod hamda Prezident maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maxsus taʼlim muassasalari tashkil etildi. Sizlarning har biringiz bir olamsiz.

Har biringizning oʻzingizga xos qiziqishingiz, isteʼdodingiz va qobiliyatingiz bor. Ushbu maktablar ularni roʻyobga chiqarish, kelajakda oʻzingiz tanlagan sohani egallash, yetuk mutaxassis boʻlishingizga mustahkam zamin hozirlaydi”, — deydi Senat Raisi.

Shuningdek, uchrashuvda Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O.Iminov, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi B.Sayfullayev hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi B.Toʻxtamurodovlar ishtirok etib, ularni bayram bilan qutladi.

Ularga mamlakat kelajagi yoshlar qoʻlida ekanligi, bunyod etilgan mazkur muhtasham binolarda ishlash imkoniyati borligi, buning uchun astoydil oʻqish, izlanish va bilim olish zarurligi tushuntirildi.

Oʻz navbatida, bolalar ham oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bergan savollariga batafsil javob oldilar.

Shundan soʻng bolalar qonunlarni qabul qilish, ularning ijrosi yuzasidan parlament nazoratini tashkil etish jarayonlari bilan tanishtirildi.

Anʼanaga muvofiq tadbir soʻnggida bolalar va senatorlar esdalik uchun suratga tushdilar. Bolalarga bayram munosabati bilan sovgʻalar topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.