“Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi

    Dolzarb 2 Iyun 2021 1389

    Vazirlar Mahkamasining “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Koʻkrak nishoni bilan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari oʻrtasida millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshgan, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirishda samarali natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi.

    Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, mahalliy va xorijiy tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalar hamda boshqa yuridik shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

    Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:

    – nomzodlarning mamlakatimizda millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik va hamjihatlikni taʼminlash, shuningdek aholi oʻrtasida millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida amalga oshirgan faoliyati;

    – milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirishdagi ishtiroki;

    – xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati;

    – jamiyatda millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini shakllantirishni targʻib qilish boʻyicha turli innovatsion samarali usullarning ishlab chiqilganligi.

    Koʻkrak nishoni har yili 30-iyul - Xalqlar doʻstligi kuni arafasida qoʻmita raisi (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

    Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari mikdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.

    “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.

    Koʻkrak nishonining old tomoni pastki qismi markazida koʻtarilayotgan quyosh nurlari hamda hilpirab turgan Oʻzbekiston Respublikasining rangli bayrogʻi fonida zarhallangan Oʻzbekiston Respublikasi xaritasi hamda meridianlari va parallellarini aks ettirgan koʻk rangdagi Yer shari tasviri joylashgan. Uning yuqori qismida doʻstlik va erksevarlik ramzi boʻlgan Humo qushi tilla rangda tasvirlangan.

    Koʻkrak nishoni aylanasi boʻylab zarhal hoshiyali oq emal fonidagi doira bilan oʻralgan. Aylananing yuqori qismida harflarining balandligi 3 millimetr boʻlgan «XALQLAR DOʻSTLIGI> soʻzlari yozilgan. Uning pastki chetlari boʻylab faxr-iftixor va sharaf maʼnolarini ifoda etuvchi ikkita dafna yaprogʻi joylashtirilgan.

    Koʻkrak nishonining orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.

    Koʻkrak nishonining qalinligi - 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.

    Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari qavariq doira bilan oʻralgan.