Oʻzbekiston qadimdan doʻstlik va tinchlik, birodarlik va qardoshlik, bagʻrikenglik va hamjihatlik rishtalari ulugʻlangan diyor sifatida jahonda shuhrat qozongan.
Davlatlar oʻrtasidagi qadriyatlarni yanada yuksaltirish, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari oʻrtasida totuvlikni mustahkamlash maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 30-iyul sanasi yurtimizda Xalqlar doʻstligi kuni sifatida belgilandi va keng nishonlanib kelinmoqda, — deydi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. — Davlatimiz rahbarining qutlovida bugun dunyoda hukm surayotgan beqaror vaziyat sharoitida mamlakatimizdagi oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, totuvlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashning ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida taʼkidlangan.
Koʻpmillatli va koʻpmadaniyatli jamiyatni oqilona boshqarish sohasida Oʻzbekiston muhim tajriba toʻpladi, bu boradagi faoliyatimiz dunyo miqyosida katta qiziqish uygʻotmoqda. Mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar oʻrtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash siyosati izchil davom etadi.