Boisi, joriy yilning 9-iyul kuni mamlakatimizda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovida 87,05 foiz ovoz bilan xalqimiz ishonchi va mehriga sazovor boʻlgan Muhtaram Prezidentimiz — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida Prezidentining lavozimiga kirishish oldidan tantanali qasamyod qabul qildi.

“Oʻzbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman,” – deya qatʼiy ishonch va yurak-yurakdan aytilgan bu soʻzlar Oʻzbekiston boʻylab yangrar ekan, bu qalbdan otilib chiqqan ahd — mamlakatning har bir fuqarosining qalbini egalladi.

Ha, xalqimiz oʻtgan yillar davomida oʻz yetakchisi bilan yangi taraqqiyot davrini — Uchinchi Renessansni boshdan kechirar ekan, Prezident saylovida toʻgʻri tanlov qilganini chuqur anglab yetdi.

Ayniqsa, qadimdan yurt rahbarini oʻz otasi kabi koʻra olgan, millat sardori bilan bir yoqadan bosh chiqargan dono xalqimiz uchun yorugʻ kunlarning tuhfasi bu tanlov. Bugun xalqimizning donish tajribasi, bir mayizni qirq boʻlishguvchi oqibati, ahilligi, chumoliday mehnatkashligi, kuchli sabr-matonati munosib siylanib, elning oʻzi kabi samimiy, tarixi kabi qudratli, pok qalbi kabi insonparvar Prezident mardona ont va yuksak masʼuliyat bilan davlat boshqaruviga kirishdi. Demakki, milliy taraqqiyot yoʻli yangi marralarni zabt etishga kirishdi. Endilikda dunyo sahnasida jahon hamjamiyati nigohini olamshumul islohotlar bilan oʻziga tortgan Yangi Oʻzbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va yanada yangi oʻzgarishlar davri boshlanadi.

“Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak.» – deya taʼkidlagan yurt rahbarining shiddati xalqimizga koʻchdi. Albatta, bu soʻzlar Prezident yuragining amri ekanligi xalqimizga oʻtgan yillar davomida oʻz isbotini koʻrsatdi.

Xalq ichida “suyagi qotgan” yoʻlboshchimiz oʻtgan davrda odamlarga shonli tariximizdan soʻzlab oʻtirmadi, nurli kelajak toʻgʻrisida bashoratlar keltirmadi, zero, Shavkat Miromonovich bugunning rahbari edi. Shu bois, “Odamlar ertaga emas, olis kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak” – deya islohotlardan bir lahzaga toʻxtamadi, buyuk maqsadlaridan, bunyodkorlik shiddatidan, oʻzgarishlar yoʻlidan ogʻishmadi. Tik va adl nigohi toʻgʻridan-toʻgʻri xalqning qalbini koʻra oldi, holbuki, barchasi bugundan boshlanishini haqiqiy liderimiz yaxshi tushunardi.

Hazrati Mavlono Jaloliddin Rumiyning Sham boʻlmoq oson emas! Nur sochmoq uchun avval yonmoq kerak” deya keltirgan hikmatli soʻzlari bizning millat sardori toʻgʻrisidagi qarashlarimizga hamohangdir. U jonini qiynab ishladi, xalq uchun kuydi, yonish kerak boʻlsa, avval oʻzi yondi va sham boʻlib elimiz yoʻlini yorita boshlagach, hammaning yuragida “Yangi Oʻzbekiston” olovini gurkiratib yubordi.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, iymonimizni komil etguvchi Qurʼoni Karimning “Niso” surasi, 59-, 83-oyatlarida xalq rahbarlari “ulul-amr” ‒ ish egalari deb ataladi. Bu – qoʻli xalqning ishida boʻlgan, el xizmatidagi rahbar demakdir. Bu suraning tub mohiyatini idrok etar ekanman, xalqimning ishi chin moʻminning qoʻlida ekaniga amin boʻldim. Boshdan doʻppini olib oʻz taningizga bir oʻylab koʻring, bugun xalqimizning bitmay qolgan yoki bajarilmayotgan qaysi ishi, qaysi xizmati, yetmay qolgan qay murodi bor?

Davlat va jamiyat boshqaruvida birinchi navbatda quyidan yuqori tizimga qadar kuchli intizom va tartib, xalq va ijro organlari oʻrtasida mustahkam koʻprik oʻrnatilishi, ijro nazorati, rahbarlar faoliyatida tanqidiy tahlil, shaxsiy javobgarlik, ochiqlik, odamlar oldida hisobdorlikni kundalik qoidaga aylanishi – bu jarayonlarning barchasi mohiyatida Davlat rahbarining shaxsiy namunasi yaqqol gavdalanib turadi.

Mana, yurtimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qoʻydi. Eng katta voqelik esa – jamiyatning milliylashuvi boʻldi. Qadr-qimmat, urf-odat, milliyat, oʻz gʻoya va mafkuramiz egasiga, oʻzimizga qaytdi. “Yopishmagan yamoqdek” singib ketolmagan eski siyosiy mafkura oramizdan koʻtarilib ketdi. Bugun hayotimizning barcha jabhasi oʻzgarishlar ichida, 40 millionga yaqinlashayotgan xalqimiz esa bu islohotlar mohiyatini chuqur anglamoqda va qoʻllab-quvvatlamoqda.

Aytish kerakki, har bir davrning, har bir mamlakatning oʻz qahramonlari, xalq yetakchilari boʻladi. Ular eng qiyin pallalarda jamiyat hayotini, odamlar turmushini yaxshi tomonga oʻzgartira olgan reformatorlardir. Tarix sahifalarida ular eng kerakli vaziyatlarda mamlakat yukini yelkasiga koʻtara olgan islohotchilar, siyosiy tuzumni oʻzgartira olgan yoki iqtisodiy inqirozni yecha olgan salohiyatli rahbarlar sifatida muhrlanganlar. Bu borada AQSHni “Buyuk depressiya” va Ikkinchi jahon urushi davrlarida boshqargan va butunlay yangi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturiga asos solib, xalq mehrini qozona olgan Franklin Ruzvelt faoliyati tarixiy dalildir. Shuningdek, Bolqon yarim orolini oladigan boʻlsak, turk olamida zamonaviy dunyoviy davlat yaratgan, keng koʻlamli siyosiy, ijtimoiy, madaniy islohotlarni amalga oshirgan va oʻz mehnati bilan tarixda “turklarning otasi” nomini olgan Mustafo Kamol Otaturk, Hindiston ichki va tashqi siyosatini poydevorini yaratgan, mamlakatni rivojlantirishning besh yillik rejasini ishlab chiqqan, hind jamiyatidagi mustamlaka-feodal tuzilmasini qayta qurishga boshchilik qilgan va “Yangi Hindiston bunyodkori” nomi bilan tarixga kirgan Javoharlal Neru, Buyuk Britaniya xalqining farovon turmushini taʼminlashga katta hissa qoʻshgan “Temir xonim” — Margaret Tetcher, iqtisodiy jihatdan oqsayotgan Singapurni oʻz “iqtisodiy moʻjiza”lari orqali dunyoning eng boy davlatlaridan biriga aylantirgan Li Kuan Yu...

Bu kabi reformatorlar oʻz xalqining yuragidan joy olgan. Buning boisi, esa ular xalq ichiga, qalbiga kira olgan va ular taqdirini yaxshi tomonga oʻzgartira olgan. Aynan shu buyuk reformatorlar kabi bizning davrimizda, oʻz ona makonimizdan yetishib chiqqan yetakchimiz, shiddatli islohotlar bunyodkori – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich ham chin maʼnoda oʻz xalqining qahramonidir.

Vatan toʻgʻrisida eng chiroyli, osmoniy soʻzlarni yozish mumkin, hech kim bitmagan sheʼrlar yozish mumkin, dil ketadigan qoʻshiqlar aytish mumkin. Lekin mamlakatda yangilanishlar toʻlqinini yaratgan, Yangi Renessans davrining elparvar jadidi – maʼrifatparvar ajdodlarimizning yetuk davomchisi boʻlgan Davlat rahbari kabi buyuk islohotlar, evrilishlarni amalga oshirish, Navoiy hazratlari aytganlaridek, “onson ermas.» Zero, jiddiy nigoh, mehnatkash yurak, pok vijdon, yuksak maʼnaviyat, uzoqni koʻzlaguvchi donolik, puxta tajriba, oʻtkir mushohada, favqulodda hassoslik, chin insoniylik bilan davrni, odamlar taqdirini oʻzgartirib yuborgan Yangi Oʻzbekiston meʼmori – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev — xalqimiz ardogʻiga chindan munosibdir.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

professor