Prezidentimiz raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishi barcha boʻgʻindagi rahbarlar, xususan, oliy taʼlim muassasalari mutasaddilari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, mamlaka­timiz aholisi 38 milliondan oshib, odam­lar dunyoqarashi va ehtiyoji oʻzgarayotgan bir paytda boshqaruv tizimi ham ana shu shid­datga mos ravishda yangilanishi shart. Endi rahbarlik faoliyatining eng asosiy koʻrsat­kichi qogʻozdagi raqamlar emas, balki xalq­ning hayotdan roziligi va muammolarning qay darajada yechim topayotganidir.

Aholi murojaatlari bilan ishlashda masalalarni “muhim” va “ikkinchi daraja­li”ga ajratish — eng katta xato. Inson uchun boshiga tushgan muammo eng ustuvor masala­dir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, murojaat ortida inson taqdiri va davlatga ishonchi turganini har bir mutasaddi yurak­dan his qilishi shart. Yuzaki javob berish yoki muammoni quyi tizimga yoʻnaltirib, masʼuliyatdan qutulish vaqti oʻtdi.

Integratsiya

2026-yilning Mahallani rivojlanti­rish va jamiyatni yuksaltirish yili deb eʼlon qilinishi biz, ilm-fan vakillari zimmasiga ham ulkan vazifalar yukladi. Fargʻona davlat universiteti jamoasi maz­kur islohotlarni targʻib etish va amaliy koʻmak berish maqsadida “Kuchli mahalladan kuchli jamiyat sari” gʻoyasini asosiy mezon qilib belgiladi.

Universitetimiz nafaqat taʼlim maskani, balki viloyat mahallalarini ijti­moiy-iqtisodiy rivojlantirishda faol koʻmakchi (drayver) sifatida maydonga chiq­moqda. Fargʻona shahridagi 17 ta mahalla universitetga biriktirilib, birgina jo­riy yilning oʻtgan davrida qilingan ishlar raqamlarda emas, insonlar taqdirida oʻz aksini topdi. Xususan, mahallabay ishlash tizimi doirasidagi saʼy-harakatlar aniq yoʻnalishlarda natija bermoqda.

Jumladan, oʻtkazilgan 60 dan ziyod maʼ­naviy-maʼrifiy tadbirga 2300 dan ortiq yosh qamrab olindi. Natijada ularning 46 nafari sport, robototexnika va xorijiy tillar toʻgaraklariga bepul jalb etildi. Universitet psixologlari va pedagoglari aralashuvi bilan nizoli 13 ta, ajrashish yoqasiga kelib qolgan 7 ta yosh oila yarashtiri­lib, mustahkamligi taʼminlandi. Shuningdek, OTM professor-oʻqituvchilari ishlab chiqqan 75 ta loyihaning 23 tasi hayotga tatbiq etilishi orqali 213 fuqaroning band­ligi taʼminlandi, 42 nafariga esa imtiyozli kreditlar olishda amaliy yordam koʻrsatildi. Fargʻona viloyatining Oltiariq, Toshloq va Yozyovon tumanlaridagi mahallalarda 60 dan ortiq yangi sanoat va xizmat koʻrsatish loyihalari shakllantirildi. Tikuv-trikotaj, mebelsozlik va gulchilik yoʻnalishlarida 1000 dan ortiq yangi ish oʻrni ochish boʻyicha aniq takliflar ilgari surildi.

Taʼlim va sanoat hamkorligi: dual taʼlim modeli

Kadrlar tayyorlash jarayonini bozor ta­lablariga moslashtirish uchun mahallabay ishlash tizimini dual taʼlim bilan bogʻla­dik. Bugun 11 taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 984 talabamiz bevosita ishlab chiqarish va korxonalar bilan uzviy bogʻlangan holda tahsil olmoqda. Ushbu tizimning afzalliklari haqida gapirganda bevosita ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etayotgan tala­balarimizning fikrlari eʼtiborga molik.

— Dual taʼlim tizimi biz uchun ul­kan imkoniyatlar eshigini ochdi, — deydi Fargʻona shahri “Mashʼal” mahalla fuqa­rolar yigʻinidagi “Dilrabo travel” oilaviy korxonasida faoliyat yuritayotgan talabamiz Oʻlmasjon Madaminov. — Ilgari faqat auditoriyada nazariy bilim olish bilan cheklangan boʻlsak, hozir kunning birinchi yarmini universitetda oʻtkazib, ikkinchi yar­mida korxonada zamonaviy texnologiyalar bilan ishlayapmiz. Bu tizim menga nafaqat bilimlarimni amalda sinash, balki oʻqishni bitirmasdanoq tayyor ish joyiga ega boʻlish imkonini berdi. Eng muhimi, Preziden­timizning har bir inson taqdiriga, uning ertangi kuni va bandligiga befarq emasli­gini amalda his qilyapmiz.

Islohotlar asosi

“Har bir insonning muammosini bilish” tamoyili universitetimiz hayotida ham ustuvor ahamiyat kasb etgan. Xususan, 2025-yil sentyabr-noyabr oylarida oʻtkazish anʼ­anaga aylangan “Rektor va yoshlar” uchrashuv­lari doirasida 1-bosqichda oʻqiyotgan 5540 talaba bilan bevosita muloqot oʻrnatildi. Ochiq muloqotlarda yoshlarning taʼlim sifa­ti, maʼnaviy-maʼrifiy va moddiy taʼminot bilan bogʻliq 70 dan ziyod taklifi universi­tetning maxsus “yoʻl xaritasi”ga kiritilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.

Ushbu takliflar asosida boshlagan ishlarimiz bugun ijobiy natija bermoqda. Iqtisodiyot fakulteti kampusi va 7-ta­labalar turar joyi kapital taʼmirlanib, zamonaviy andozalarga moslashtirildi. Ta­labalar turar joylaridagi “Besh tashabbus” xonalari 80 ta yangi sport jihozi va 10 ta tikuv mashinasi bilan boyitildi.

Axborot-resurs markazi fondi 7667 ta yangi oʻquv adabiyoti, talabalar turar joy­laridagi kutubxonalar esa 1200 ta badiiy kitob bilan taʼminlandi. Iqtidorli 550 talabamiz uchun yurtimizdagi qadimiy shaharlarga sayohatlar uyushtirildi.

Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Toʻmaris izdoshlari”, “Amir Temur vorislari” sport musobaqalari hamda “Talaba bahori”, “Eng yaxshi teatr studiyasi” kabi ijodiy tanlovlar muntazam oʻtkazilyapti. Bu kabi muloqotlar talabalarning nafaqat sifatli taʼlim olishi, balki muammolari ham rahbarlarning diqqat markazida ekanini amalda his qilishiga xizmat qilmoqda.

Xalqning roziligi — islohotlarimiz­ning bosh maqsadi va eng oliy mukofoti. Zero, rahbarning haqiqiy reytingi qogʻozda­gi hisobotlarida emas, balki u hal etgan muammolar va xalqning koʻzidagi minnat­dorlikda namoyon boʻladi. Prezidentimiz koʻrsatib bergan “Qarshi tajribasi” asosi­da biz ham mahallalarni nafaqat istiqomat joyi, balki zamonaviy ishlab chiqarish va innovatsiyalar maskaniga aylantirish yoʻli­da barcha salohiyatimizni safarbar etamiz.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori