Xalqqa nafi tegadigan tadbirkor ishidan ham, hayotidan ham mamnun boʻladi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 22-oktyabr sonida jurnalist Kumush Abdusalomovaning “Xalqqa nafi tegadigan tadbirkor ishidan ham, hayotidan ham mamnun boʻladi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Hududlarda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish va aholi bandligini oshirish mamlakatimiz taraqqiyotini taʼminlovchi ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Zero, bugun ishbilarmonlar qoʻllab-quvvatlanmasa, ularga munosib sharoit yaratilmasa, shahar va tumanlarning mahalliy byudjeti koʻpaymaydi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi bu hayotiy haqiqatni yaxshi anglagan holda, tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ishsiz, band boʻlmagan aholi uchun yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish maqsadida yurtimiz boʻylab qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

    Jumladan, hududlarda mahallabay oʻrganishlar olib borib, intiluvchan, xalqimiz uchun xizmat qilishga, yangi ish oʻrinlari yaratishga tayyor, shijoatli, biznes yoʻlida tavakkal qilishdan choʻchimaydigan ishbilarmonlarni izlab topib, ularga oʻz yoʻnalishlari boʻyicha turli mini uskunalar va jihozlarni qulay ijara shartlari asosida yetkazib bermoqda.

    Ushbu loyiha tadbirkorni bankka borish, navbatlarda turish, garovga qoʻyish va ortiqcha qogʻozbozlikdan qutqaradi. Amalga oshirilayotgan loyiha doirasida yurtimiz boʻyicha 1 ming 400 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Qolgan imkoniyat va qulayliklar haqida tadbirkorlarning oʻzidan eshitgan maʼqul.

    Nodira XUDOYBERDIYEVA, Andijon viloyati Asaka tumanidagi “IXLOS MEGA TEX” MCHJ rahbari:

    — Tadbirkorlik faoliyatimni uyda 4 ta tikuv mashinasida trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishdan boshlaganman. Jamoat ishlari jamgʻarmasi haqida birinchi marotaba viloyat bandlik bosh boshqarmasi rahbaridan eshitdim. Avvaliga bunday qulay ijara shartlarida ishlab chiqarish uskunasi olishimga ishonmadim. Ammo jarayon tezlashib ketdi. Menga aynan kerak boʻlgan tikuv mashinasi, dazmol tez orada keltirib berildi. Bankdan kredit olganimda oylab kutgan boʻlardim, toʻlaydigan foizim ham bundan yuqori boʻlardi. Faoliyatim davomida eng baland marra — ming kishilik ish oʻrni yaratish, ishlab chiqargan mahsulotimni yuz foiz eksport qilish.

    Feruza BEKMIRZAYEVA, Namangan viloyati Uychi tumanidagi “NAMFAYZ TEXTILE” MCHJ rahbari:

    — Faoliyatimni 2011-yili tikuvchilik yoʻnalishi boʻyicha bank krediti hisobidan boshlaganman. Tadbirkor uchun eng muhimi — muhit. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan gap oddiy gap emas. Haqiqatan ham, biz biror muammoga duch kelsak, taqillatib boradigan eshigimiz bor. Jamgʻarmadan jihozlarni ijaraga olishda hech qanday qiyinchilikka duch kelmadim. Jamgʻarma tomonidan beriladigan jihozlarni ijaraga olib ish boshlagan afzal ekan.

    Men uchun eng baland choʻqqi ishsiz ayollarni bandligini taʼminlab, xalqimiz farovonligiga hissa qoʻshish. Hozir qishki mavsum uchun ichki bozorga kiyim-kechak yetkazib berish bilan bandman. Yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnunman.

    Nargis ESHDAVLATOVA, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Imonaxon Faxriddinovna” oilaviy korxonasi rahbari:

    — Ish faoliyatimni 11 yil oldin ayollar uchun goʻzallik saloni ochishdan boshlaganman. Shu yil aprel oyidan kelin liboslari va choyshablar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydim. Keyinroq ishimni kengaytirib, xorijdan koʻrpa ishlab chiqaradigan uskuna sotib oldim. Hozir mahsulotimga ichki bozorda talab yuqori. Birdaniga yangi yoʻnalishda ish boshlash men uchun biroz qiyin boʻldi. Ammo oʻzimga boʻlgan ishonch tufayli hammasini yengib oʻtdim.

    Chunki har bir ishbilarmon davlat berayotgan yordamdan, imtiyozdan tez oyoqqa turib olyapti. Tadbirkor uchun, eng muhimi, ishlab chiqargan mahsulotiga talab kuchli boʻlishi, xaridorgir boʻlishi, uzluksiz sotilishi deb oʻylayman. Endi boʻldi, deb toʻxtab qolmoqchimasman. Hozir kurtka ishlab chiqaryapmiz. Faqat shu loyiha ustida bosh qotiryapman.

    Umida SULTONOVA, Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi “Sultonova Umida Ismoilovna” YATT rahbari:

    — Tadbirkorlik faoliyatimni 15 yil avval qandolatchilik mahsulotlari yetkazib berishdan boshlaganman. 2018-yildan beri yakka tartibdagi tadbirkor sifatida zargarlik buyumlari, toʻylar uchun sarpo qutilari ishlab chiqara boshladim. Tadbirkorlar assotsiatsiyasi aʼzosiman. Vestminster tadbirkorlik oʻquv kursini tamomladim. Bir qator tanlovlarda ishtirok etdim.

    2021-yil yanvar oyida “Ayol kulsa” mehribonlik dasturi asosida tadbirkorlik oʻquv kurslariga asos soldim. Oʻzim ikkinchi guruh nogironiman. Men kabi nogironligi bor ayollarga qanchalik qiyinligini yaxshi bilaman, ayniqsa, ularning farzandlari ham boʻlsa. Shuning uchun ularga kasb-hunar oʻrgatish, daromadli qilish haqida oʻylab qoldim. Hozir 40 nafar xotin-qiz ham oʻqib, ham ishlab tadbirkorlik sirlarini egallamoqda. Ulardan 20 nafari kasanachilik asosida oʻz ishlarini boshladi. Bu loyiha orqali nogironligi boʻlgan ayollarni boqimandalikdan va tushkunlikdan olib chiqmoqchiman.

    Faoliyatimni boshlabmanki, ishim faqat kengaygan, daromadim oshgan va toʻsiqlar kamaya borgan. Shu natijaning oʻzi yurtimizda tadbirkorlar uchun muhit qanday ekanini koʻrsatadi. Jamoat ishlari jamgʻarmasi bilan hamkorlik qilib, tikuvchilik sexi ham ochdim. Ish oʻrinlari koʻpaydi. Bular uchun faqat va faqat shukr qilish mumkin.