Xaridorlar pulini qaytarib oldi

    Oʻrganishlar natijasi va suhbat jarayonida har uchala fuqaroning ham talablari toʻgʻriligi isbotlandi hamda fuqarolarning xohishlariga asosan ular xarid uchun toʻlagan umumiy qiymatdagi 10 100 000 soʻm agi mablagʻ egalariga qaytarib berildi.

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Xatirchi tumani jamiyatiga kelib tushgan navbatdagi shikoyat mazmunidagi murojaatlarning barchasida maishiy texnikalarning nosozligi xususida soʻz boradi. Tumandagi «Bugʻurdoq» MFYda yashovchi fuqaro N.Ostonayeva tuman markazida joylashgan “Artel” savdo doʻkonidan besh million yetti yuz ming soʻmga “Samsung” muzlatkichini xarid qilgan, biroq muzlatkich nosoz chiqqan.

    Yana bir xaridor — “Qoracha” MFYda yashovchi fuqaro U.Mamatov ham xuddi shu doʻkondan uch million yetti yuz ellik ming soʻmga “Artel” rusumli muzlatkich sotib olgani va maishiy texnika ishlatishga yaroqsiz ekani maʼlum boʻldi.

    “Tamabaxrin” MFYda yashovchi fuqaro I.Tovboyeva ham “Artel” savdo doʻkonidan shu rusumdagi elektr pechni 650 000 soʻmga xarid qilgani va ushbu uskuna ham nosoz chiqqani yuzasidan shikoyat bilan murojaat qildi.

    Mazkur holatlar yuzasidan jamiyatning “Isteʼmolchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonasiga fuqarolar va ularga xizmat koʻrsatgan tadbirkorlik subyektlari rahbarlari hamda “Artel” servis markazi xodimlari taklif etilib, oʻzaro muloqot oʻtkazildi.

    Oʻrganishlar natijasi va suhbat jarayonida har uchala fuqaroning talablari toʻgʻriligi isbotlanib, ularning xohishiga asosan xarid uchun toʻlagan umumiy qiymatdagi 10 100 000 soʻm pul mablagʻi egalariga qaytarib berildi.