Xavfli hududlardan koʻchirilgan aholi, aerovizual kuzatuvlar, oʻzanlari tozalangan daryolar — FVV axboroti

    Mamlakatimizda 7 Aprel 2021 510

    AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari sel-toshqin va yer koʻchki hodisalaridan aholi va hududlarni muhofaza qilish boʻyicha maʼlumot berdi:

    «Xavfli hududlardan koʻchirilishi lozim boʻlgan jami 154 ta xoʻjalikdan (799 nafar fuqaro), 87 ta xoʻjalik (441 nafar fuqaro) doimiy ravishda, 67 ta xoʻjalik (358 nafar fuqaro) xavfsiz hududlarga vaqtincha yashash uchun koʻchirilgan. Shuningdek, aholining xavfsizligini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar xodimlaridan iborat 105 ta, jamoatchilik vakillaridan iborat 27 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilgan.

    Respublikaning togʻli hududlaridagi qor zaxiralarini va baland togʻlardagi koʻllarning holatini baholash hamda qor koʻchkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash maqsadida, 5 marotaba aerovizual kuzatuvlar amalga oshirilgan.

    Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida suv toshqini va sel oqimlarini betalofat oʻtkazib yuborish maqsadida, mahalliy davlat organlari tasarrufida boʻlgan daryo va soylarning qirgʻoqlarini mustahkamlash, oʻzanlarini tozalash boʻyicha 3377,6 ming metr/kub tuproq, 194,7 ming metr/kub tosh ishi, 27,5 ming metr/kub beton ishlari va 609,7 tn. temir ishlari amalga oshirilgan. Ushbu ishlarga 75,7 mlrd soʻmga yaqin byudjet mablagʻlari sarflangan.

    Mahalliy davlat hokimiyati organlari, tegishli vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfli hududlarda daryolar, soylar va kanallar oʻzanlarini tozalash, qirgʻoq va dambalarni mustahkamlash boʻyicha sel-toshqin va yer koʻchishi xavfi mavjud hududlarda oʻtkazilgan 161 ta maxsus-taktik oʻquv mashqini tashkil qilish va oʻtkazishda 1919 ta texnika va 11 mingga yaqin shaxsiy tarkib qatnashgan. Oʻquv mashqlari davomida 90,1 ming metr/kub tuproq ishlari, 45,1 ming metr/kub qum-shagʻal, 2290,6 metr/kub beton ishlari bajarilib, 71 kilometrdan ortiq masofadagi magistral kanallar, daryolar va soylar oʻzanlari tozalangan».