Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi belgilandi

    Hukumat qarori (26-son, 21.01.2025-y.) bilan “Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbar va muhandis-texnik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

    — xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbar va muhandis-texnik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tartibi, muddatlari va ularni amalga oshiruvchi tashkilotlar;

    — xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbar va muhandis-texnik xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi, muddatlari, attestatsiya turlari hamda attestatsiyadan oʻtkaziladigan xodimlar toifalari;

    — attestatsiya komissiyasining tarkibini shakllantirish va faoliyatini tashkil etish;

    — attestatsiya natijalari boʻyicha appelyatsiya berish va uni koʻrib chiqish qoidalari.

    Xodimlar davriy attestatsiyadan quyidagi muddatlarda oʻtkaziladi:

    — xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbar xodimlari, ularning markaziy attestatsiya komissiyalari raislari va rais oʻrinbosarlari – besh yilda bir marta;

    — muhandis-texnik xodimlar, shuningdek, attestatsiya komissiyalari aʼzolari – uch yilda bir marta;

    — xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotlarda faoliyat yuritadigan boshqa ishchi-xodimlar – bir yilda bir marta.