Xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladigan kasalliklar roʻyxati eʼlon qilindi

    Sogʻliqni saqlash vazirligining avtomobilda xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan holatlar va kasalliklar roʻyxati loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

    Unga koʻra, jami 17 ta kasallik va holatda xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi:

    • umrov va toʻsh suyagi sinishi;
    • yelka kamari sinishi;
    • qovurgʻalar sinishi;
    • umurtqa pogʻonasining interstitsial sinishi;
    • oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich);
    • bronxial astma (IV bosqich);
    • oʻpkaning interstitsial zararlanishi;
    • oʻpkaning bir qismi yoki butun qismini (chap yoki oʻng) olib tashlanishi;
    • surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi;
    • III darajali (morbid) semizlik (BMI ≥ 40);
    • past boʻylik (nanizm) — 150 sm dan past;
    • qoʻl yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;
    • terining koʻkrak qismida joylashgan ogʻir allergik yoki dermatologik kasalliklarining ogʻir shakllari (ekzema, psoriaz);
    • koʻkrak yoki yelka sohasida protez yoki implantlar qoʻyilishi;
    • koʻkrak qafasi va qorin boʻshligʻiga oʻtkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar;
    • stomalar (sunʼiy chiqish yoʻli) qoʻyilishi;
    • koʻkrak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (oʻsma).

    Shuningdek, homilador ayollar ham xavfsizlik kamarini taqmasligi mumkin boʻladi.

    Fuqaro yuqoridagi kasalliklar bilan xastalangani boʻyicha “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimi orqali shakllantirilgan QR-kodli elektron tibbiy maʼlumotnomalar oʻzi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi tomonidan beriladi.