Yangi Oʻzbekistonda oʻzbek sporti oʻzining yuksak natijalari bilan ona Vatanimiz shon-shuhratini jahon hamjamiyati oldida tarannum etib kelayotganligi bugun barchamizga kunday ravshan. Aslida mamlakatni dunyoga tez tanitadigan sohalardan biri – bu, sport. Oʻtgan yillar davomida jismoniy tarbiya va sportga doir Prezidentimizning oʻndan ortiq farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 100 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjatlari qabul qilindi.

Mazkur qaror va farmonlar millat genofondini sogʻlomlashtirishga, kelajakda yurtimiz sharafini jahon arenalarida munosib himoya qilishga qodir sportchilarni yetkazishda muhim ahamiyatga ega. Soʻnggi yilardagi islohotlar, men kabi sportchilarning mushtini yanada zarbliroq qilib, qalbini kelajakka boʻlgan ishonchga, orzularini esa zafarli va yorugʻ marralarga bogʻlayapti.

Yurt ardogʻidagi chempion sifatida, soʻnggi yillarda sport sohasida amalga oshirilgan islohotlar, ilgʻor natijalar va tarix sahifalariga yozishga arzigulik voqealar haqida baralla aytgim keladi. Prezidentimizning joriy yildagi ”Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining tasdiqlanishi hamda konsepsiyani 2021–2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha ”Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishi va belgilanishi, soha xodimlari va barcha bokschilarga yanada ragʻbat berdi.

Ayniqsa, Angren shahri, Yangiobod qoʻrgʻoni hududida joylashgan Respublika olimpiya zaxiralari sport kolleji balansidagi 1,5 gektar maydonga ega boʻlgan sobiq stadion, suzish havzasi va oshxonani 2029-yil 31-dekabrga qadar Oʻzbekiston boks federatsiyasiga tekin foydalanish huquqining berilishi davlat ahamiyatiga molik voqea.

Endi xolisona aytingchi, oʻzbek sportchilari va yoki mutaxassislariga bundan oʻn yillar oldin ham shunday sharoitlar yaratilganmi? Aslo, oʻndan biri ham boʻlmagan.

Surxon elining olis hududida voyaga yetgan, menday oddiy bir qishloq farzandi garchi bolaligimdanoq dastalangan medallar shodasini qoʻlga kiritib, 13 yoshimda Oʻzbekiston, 17 yoshimda Osiyo chemipion boʻlgan boʻlsam ham oʻsha vaqtlarda meni hech kim tanimagan. Chempion boʻlsam-da qoʻlim kaltaligi va nohaqliklar ichida bor mahoratimni yuzaga chiqara olmaganman. Xalqaro musobaqalarga yoʻl berishmagan...

Bugun 28 yoshdaman!

Bugun 28 yoshdaman! Shuni ochiq va oshkor aytishni istar edimki, faqat keyingi yilardagi islohotlar tufayli Bahodir Jalolov boʻlib tanildim. Nafaqat oʻzim tugʻilib oʻsgan goʻzal diyorda, balki chet davlatlarda ham mashhur boʻldim. Prezidentimizning kamtarona mehnatimni yuksak baholab, Bahodir Jalolov mahorat boks maktabini ochib berish boʻyicha, “Boks boʻyicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining imzolanishi esa, hayotimdagi tub burilish boʻldi. Koʻnglimga quvonch, bilaklarimga kuch, shijoatimga yangicha ruh bagʻishladi!

Aslida mendan oldin ham koʻplab Osiyo va jahon chempionlari chiqqan. Biroq, bu sharafli vazifa mening zimmamga yuklatilgan ekan, bu ham mening omadim va baxtim. Yaqin kunlardan boshlab, bildirilgan ishonchni oqlash uchun astoydil faoliyat olib borishga harkat qilaman. Bu istiqbolli ishni oʻzim, ustozlarim, yaqinlarim, sport sohasining fidoyilari va mutasaddi rahbarlari bilan hamjihatlikda amalga oshiramiz. Qutlugʻ niyatlar bilan asos solinayotgan boks maktabimizda Xudo xohlasa Osiyo, olimpiada va jahon chempionlarini oʻzimizning sharafli yoʻlimizdan ergashtirib boramiz.

Hayot yoʻlimda muhim boʻlgan ushbu qaror menga oʻqituvchilik, sharafini, rahbarlik ishonchini ham berdi. Mazkur hujjatda, Boks maktabini 2022/2023 oʻquv yilidan oʻz faoliyatini boshlashi belgilab qoʻyilgan. Maktabni tashkil etish va jihozlash uchun davlat byudjetidan 25 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Eng asosiysi oʻquvchilarni tekin ovqatlantirish. Xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalardan toʻlov undirilmaydi va oʻquvchilar toʻliq davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat bilan taʼminlanadi.

Mening nomim bilan bogʻliq Boks maktabining ochilishi, kelajagi porloq, istiqboli yorqin yosh sportchilar uchun ham turli va ishonchli bir yoʻl boʻldi. Shuning uchun hech bir kamchilik koʻrmay unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodga qarab: bu kunlarning qadriga yetib ona Vatanimizga munosib va sodiq farzandlar boʻlib xizmat qilishingiz, yurtimizning har bir qarich tuprogʻini muqaddas bilib asrab-avaylashingiz shart degim keladi.

Xoʻsh, nega bu soʻzlarni aytayapman?

Chunki, oʻquvchilik davrimizda bunday toʻkis sharoitlar boʻlmagan. Shaxsan, oʻzim hayotda koʻp qiynaldim. Nohaqliklarga duch keldim, yetishmovchilik nima ekanligini boshimdan oʻtkazdim. Qornim nonga toʻymay, yotoqxonada yotishga joyim boʻlmay, zulmatli tunlarda, bola qalbim bilan qorongʻulikdan qoʻrqib, yashirincha tunlarni tonglarga ulab chiqqan kunlarim koʻp va xoʻp boʻlgan. Yonimda pulim boʻlmay Chirchiqdan poytaxtgacha piyoda kelgan kunlarim ham. Oʻsha vaqtlarda 14 yoshga ham toʻlmagan edim...

Ha, aynan keyingi 4–5 yil ichida mamlakatimizda ushbu sohaga alohida eʼtibor tufayli oʻzbek sportchilari jahon arenalarida ulkan muvaffaqiyatlarni quchib, Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarmoqda. Har bir inson uchun oʻzining tugʻilib oʻsgan diyoridan ardoqliroq maskan va oʻz yurti eʼzozidan sharafliroq mukofot boʻlmaydi.

Bu mashhurlikni aslida menga kim berdi?

Ayni kunlarda onajonim bilan muborak Haj safaridaman keldim. Hali oʻttiz yoshga ham toʻlmay shunday ulugʻ imkoniyatga va maqomga ega boʻldim. Bugun nafaqat, Oʻzbekiston balki chet davlatlarda ham meni, oʻzbekning mashhur bokschisi deb bilishadi. Bu mashhurlikni aslida menga kim berdi? Albatta, ona Vatanim! Hur va obod Oʻzbekistonim. Yurtimda Inson qadri uchun yaratilgan beqiyos sharoitlar va keng imkoniyatlar koʻlami berdi. Rasululloh (s.a.v.) Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida Makkai mukarrama tomonga yuzlanib: ”Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham oʻz ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan boʻlar edim”, – degan ekanlar. Ushbu soʻzlarning mohiyatini shu kunlarda teranroq anglab turibman.

Negaki, Oʻzbekistondan olisda ibodat qilib yurganimda u yerdagi turli millat vakillari oldimga kelib hurmat bilan hol-ahvol soʻrashardi. Har qadamda “Bahodir Jalolov,”, “Oʻzbek chempioni”, deya suratga tushaylik deb iltimos qilishdi. Bu voqealarga guvoh onajonimning quvonchdan yoshlanayotgan koʻzlariga boqib, koʻnglim yoqimli bir hisga toʻldi. Shunda kindik qonim toʻkilgan jannatmonand obod oʻlkam, Oʻzbekistonim shaʼnini himoya qilish, yurtim bayrogʻini yanada yuksakka koʻtarish oldimdagi eng muqaddas burch ekanligini yurkadan his qilaman. Axir bu eʼzoz, eʼtbor, hurmat va havas davlatimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlar tufayli yuz beryapti-ku.

Shunday kezlarda Prezidentimning, “Alpomishlar yurti Surxondaryo farzandi Bahodir Jalolov oʻta ogʻir vaznda ham chempion, ham turnirning eng yaxshi bokschisi, degan eʼtirofga sazovor boʻlgani respublikamizning dunyo miqyosidagi obroʻ-eʼtiborini yanada oshirdi. Men Bahodirni koʻpdan beri taniyman, koʻp suhbat qilganman... Uning oʻzbek oʻgʻloni nimalarga qodir ekanligini dunyo miqyosida koʻrsatgani, sabr-toqat bilan oʻzining ustida ishlagani chinakam mehnat natijasidir. Men siz bilan gʻururlanaman!..” degan soʻzlari quloqlarim ostida qayta va qayta jaranglaganday boʻlaveradi. Ongu-shuurimga singib ketgan bu hayotbaxsh soʻzlar meni yuksaklarga chorlayveradi. Vatan oldidagi farazndlik burchimni qayta va qayta eslataveradi. Ha, hali dunyo sport maydonlarida zafarlar quchaveramiz! Ona yurt bayrogʻini baland koʻtarib, Vatan madhiyasini baralla kuylayveramiz.

Bahodir JALOLOV,

Boks boʻyicha jahon chempioni,

“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti hamda

“Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi