Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, maktab oʻquvchilari hamda oʻzbek estradasi yulduzlari ishtirokida sahna koʻrinishlari, konsert dasturi namoyish etildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova bolalarga yoʻllagan tabrigida ularning maktab davriga qoʻyayotgan ilk qadamlari katta hayotga debocha ekanligi haqida soʻz yuritar ekan, yurtimizda olib borilayotgan taʼlim sohasiga oid islohotlarning markazida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga qaratilayotgan eʼtibor ham alohida oʻrin tutishini qayd etib oʻtdi.
Maktabgacha taʼlim tizimida ilk bor oʻtkazilgan tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad, taʼlim bosqichlarining uzluksizligi va izchilligini taʼminlash hamda maktabgacha va maktab taʼlimi integratsiyasini yoʻlga qoʻyishdan iborat.
“Xayr bogʻcha — salom maktab!” keyingi yildan Respublikamizning barcha hududlarida oʻtkazilishi rejalashtirilyapti.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 30 mingga yaqin maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 2 milliondan ortiq bolalar taʼlim-tarbiya olyapti. Shundan 2022-2023 oʻquv yilida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini 563 331 nafar tarbiyalanuvchi bitiradi, deb xabar beradi Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi matbuot xizmati.
Ularning 442 644 nafari davlat, 22 017 nafari Davlat-xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat, 83 538 nafari oilaviy hamda 15 132 nafari xususiy Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilaridir.
Bayram dasturi davomida namoyish etilgan el sevgan sanʼatkorlar va bolalar tomosha guruhlari ishtirokidagi musiqiy chiqishlar bolajonlarga katta zavq ulashdi.