Xayrli ishlar boshqa hududlarda ham davom etadi

    O'zsanoatqurilishbank tomonidan Toshkent viloyatida 500 ga yaqin daraxt ko'chati o'tqazildi

    Oʻzsanoatqurilishbank tizimida “Green banking” loyihasi doirasidagi ishlar nafaqat “yashil” moliyalashtirish, balki xayriya tadbirlarini ham oʻz ichiga olgan. Bu borada dastlabki saʼy-harakatlar Toshkent viloyatida amalga oshirildi.

    Prezidentimizning 2019-yil 4-oktyabrdagi “2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan hududlarni bir maromda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida “yashil” iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlari ishlab chiqilib, qator vazifalar belgilab berildi.

    Shu bois Oʻzsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonida “Green banking” yoʻnalishiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bank bosh ofisida “Green banking” departamenti tashkil etildi. IFC mutaxassislari koʻmagida tuzilma xodimlari malakasi oshirilib, maqsad va vazifalari xalqaro standartlarda ishlab chiqildi. Shu kunga qadar 91 mln. AQSH dollarilik 20 ta “yashil” loyiha moliyalashtirilib, hayotga tatbiq etildi.

    Eʼtiborlisi, Bank tizimida “Green banking” loyihasi doirasida atrof-muhitga yetkaziladigan zararni kamaytirish va ekologiyani yaxshilash maqsadida yashilliklar kam boʻlgan hududlarda mevali hamda manzarali daraxt koʻchatlarini ekish va uni keng jamoatchilik oʻrtasida targʻib etish vazifasi ham rejalashtirildi.

    — Bu borada biz dastlabki ishni Toshkent viloyatidan boshladik, — deydi “Green banking” departamenti boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Sh.Rofiyev. — Boʻka tumani hamda Angren va Chirchiq shaharlaridagi mahallalar guzarlari hamda aholi xonadonlariga 500 ga yaqin mevali va manzarali koʻchatlar ekdik.

    — Bugun ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish eng dolzarb masalalardan biri sanaladi, — deydi Chirchiq shahridagi “Mirzagʻolib” MFY raisi Hadicha Yoʻldosheva. — Shu bois mamlakatimizda mazkur yoʻnalishdagi ishlarga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bu borada Oʻzsanoatqurilishbankning “Green banking” loyihasi alohida eʼtiborga molik. Bankning xayrli ishlari sabab oʻnlab mahalla va koʻchalarimiz obod boʻldi, ehtiyojmand oilalarimizga rizq ulashildi.

    “Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan bu singari xayrli ishlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom ettiriladi”, deya xabar bermoqda bank Axborot xizmati.