Bugun xorij mamlakatlarida yashab, turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan yaqindan ishlash, ularning yurtimizga bo‘lgan daxldorlik hissini oshirish borasida yangi tashabbus va loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ayniqsa, dunyoning turli mamlakatlarida yashayotgan yurtdoshimiz uchun vatani bilan bog‘liq har qanday voqelik juda muhimdir. Ularning holidan xabar olish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash esa chinakam quvonch, baxtdir. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlat o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham fuqarolarini himoya qilishi va homiylik ko‘rsatishini kafolatladi.
Davlatimiz rahbari chet mamlakatlarga tashrifi davomida hamisha vatandoshlar bilan ko‘rishib, fikr almashish, takliflarini hayotga joriy etishga alohida e’tibor qaratadi. Vatandoshlarimiz bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning jamoat birlashmalari faoliyatiga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Prezidentimiz qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda: “Musofir yurtda, turli qiyinchilik va mashaqqatlarga chidab, halol mehnat qilib, non topish oson emas. Xorijda bunday sharoitda yashab kelayotgan odamlarimizni haqiqiy qahramon, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Chet ellarda tajriba va malaka orttirayotgan ana shunday vatandoshlarimizga rahmat aytishimiz kerak”, deya ta’kidlagani bejiz emas.
Yurtimizda qo‘r olgan tashabbuslarning amaliy isboti har qadamda ko‘zga tashlanayotgani bor gap. Joriy yilning 9-20-oktabr kunlari “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Rossiyaning Novosibirsk, Tomsk, Samara, Sankt-Peterburg va Moskva shaharlarida bo‘lib, manfaatli uchrashuvlar, jamoat birlashmalarida turli muzokaralar o‘tkazdi.
Safar davomida vatandoshlar tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari va milliy-madaniy markazlar vakillari bilan muloqotlar o‘tkazildi, anglashuv memorandumlari imzolandi. Istiqbolli rejalar, takliflardan kelib chiqib, maqsadli va tizimli ishlash bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Uchrashuvlarda jamoat birlashmalari, milliy-madaniy markazlarga "Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan o‘zbek tilidagi mingdan ortiq badiiy adabiyot va qo‘llanma, milliy hunarmandlik buyumlari, cholg‘u asboblari jamlanmalari taqdim etildi.
Bu kabi e’tibordan quvongan faol vatandoshlarimiz buni hayotidagi tarixiy voqealardan biri o‘laroq e’tirof qildi. “Vatandoshlar” jamoat fondi tashabbusi bilan xorijda o‘tkazilayotgan “Vatandoshlar, birlashaylik!” ezgu g‘oyasi asosidagi tadbirlarga xayrixoh ekanini bildirib, samimiy fikrlarini izhor etishdi.
— Rossiyada ko‘plab vatandoshlarimiz yashaydi. Imkon qadar ularni jamlash, o‘zligimiz, milliyligimizni unutmaslikka harakat qilamiz. Bayramlarni birgalikda nishonlaymiz, muammolarni birgalashib hal etamiz. Bugun bizni Vatanimizdan yo‘qlab kelishdi. Bu tashriflar vatandoshlar qalbini yoritdi. Markazimizga taqdim etilgan hadyalardan minnatdormiz. Fond bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin markazimizning kelgusi faoliyati yana-da rivojlanishiga ishonchim komil bo‘ldi. Rossiyadagi vatandoshlar ham birlashib, an’analarimiz unutilib ketmasligiga hissamizni qo‘shishga tayyormiz, — dedi Ryazan shahridagi “Olmos” o‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari Zulayho Qodirova.
Bu kabi iliq fikrlarni har bir vatandoshdan eshitish mumkin edi.
Bundan tashqari, tashrif mobaynida yurtdoshlarimiz mehnat qilayotgan muassasalarga borib, murojaatlari tinglandi. Murojaatlarning ko‘pi joyida hal qilinib, muddat talab etiladiganlari bo‘yicha “yo‘l xaritalari” tuzilib, yechimi topiladi. Bu jarayonlarda fidoyi vatandoshlarni ommaga tanitish, salohiyatini yurtimiz istiqboliga yo‘naltirish va namuna sifatida ko‘rsatish maqsadida fond maxsus ishchi guruhi joylardan turli lavhalar tayyorladi.
Muxtasar aytganda, bu kabi uchrashuvlar xorijda turib, yurtimiz rivojiga hissa qo‘shish istagidagi vatandoshlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ular ishtirokida yangi istiqbolli rejalar tuzishga xizmat qiladi.
Odiljon SATTAROV,
“Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi