Xayrullo Bozorov Yaponiyaning “AOIKAI Medical Corporation” kompaniyasi vitse-prezidentini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 23 Oktabr 2021 1234

    Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyaning “AOIKAI Medical Corporation” kompaniyasi vitse-prezidenti Xiroshi Tamai, korporatsiya bosh yuristi Naoya Endo, shuningdek AOIKAIning Oʻzbekistondagi vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

    Samimiy muloqot davomida “AOIKAI Medical Corporation” tomonidan mamlakatimizda amalga oshirish rejalashtirilayotgan Yapon meʼmoriy sanʼati uslubidagi 36 ta obyektdan iborat boʻlgan “Japan city” innovatsion shaharchasini qurish, hamshiralik ishi yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash maktabi ochish, aholiga moliyaviy xizmatlar koʻrsatish, taʼlim kreditlari ajratish uchun kichik tijorat bankini tashkil etish, “AOIKAI” xalqaro tibbiyot klinikasini ochish, uzumning urugʻsiz oliy navlarini yetishtirish kabi loyihalar muhokama qilindi, deya xabar qiladi viloyat hokimligi axborot xizmati.

    “AOIKAI Medical Corporation” 1978-yilda tashkil etilgan boʻlib, 15 ta kompaniya qamrovida 15200 dan ziyod xodimlarni ish bilan taʼminlagan. AOIKAI faoliyatining asosiy yoʻnalishi bu yuqori darajadagi tibbiyot xizmatlarini koʻrsatishdan iborat. Hozirgi kunda korporatsiyaga qarashli 130 dan ortiq ijtimoiy ahamiyatga ega muassasalar, jumladan, 32 ta shifoxona, 84 ta qariyalar uyi, 12 ta universitet, kollej, bolalar bogʻchasi va boshqa muassasalar mavjud. Kompaniya, shuningdek iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham koʻplab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda, turli istiqbolli yoʻnalishlarda investitsion faollik qayd etmoqda.

    Yaponiyalik ishbilarmonlar, soʻnggi besh yilda Oʻzbekiston tubdan oʻzgargani, bu nafaqat shahar va qishloqlarning tashqi koʻrinishida, balki odamlarning turmush tarzida ham yaqqol koʻzga tashlanayotganini qayd etishdi. Mehmonlar Fargʻona viloyati xorijiy sarmoyadorlar uchun soʻnggi paytda juda jozibador hududga aylanib borayotganidan xabardor ekanliklarini taʼkidlab, yuqorida qayd etilgan barcha loyihalarni Fargʻonada amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganishayotganini maʼlum qilishdi.

    Viloyat hokimi mehmonlarga Fargʻona viloyatining iqtisodiy-investitsion koʻrsatkichlari hamda turli sohalardagi oʻziga xos xususiyatlari haqida maʼlumot berdi. Uchrashuv kun tartibidagi har bir loyihaning viloyatda amalga oshirilish istiqbollari haqida Xayrullo Bozorov alohida tahliliy toʻxtalib oʻtdi.

    Fargʻonada 300 gektar hududda barpo etilayotgan yangi Ekoshahar loyihasini mehmonlar eʼtiboriga taqdim qilgan viloyat rahbari, “Japan city” innovatsion shaharchasini ushbu Ekoshahar hududida barpo etishni taklif qildi.

    Fargʻona viloyati taʼlim sohasida Yaponiya bilan aloqalarini kuchaytirib borayotganini qayd etgan Bozorov, Rishton tumanidagi Rishton-Yaponiya madaniy iqtisodiy aloqalar markazi qoshidagi “Noriko Gakkiyu” yapon tili va madaniyati toʻgaragi hamda Fargʻona shahridagi Monomarkazda joylashgan “Yamato” informatsion texnologiyalar sohasidagi mutaxassislarni tayyorlovchi 3 yillik oʻquv markazi haqida aytib oʻtdi. Viloyat rahbari “AOIKAI Medical Corporation” tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan hamshiralik ishi yunalishi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash maktabini dastlabki bosqichda Fargʻonadagi Monomarkaz binosida yoki boʻsh turgan kollejlar binolarida tashkil etish mumkinligini maʼlum qildi.

    Fargʻona viloyati tumanlari uzum yetishtirishda mashhur ekani, uzumning Yaponiyaga xos urugʻsiz oliy navlarini yetishtirishni Oltiariq, Fargʻona tumanlarida yoʻlga qoʻyish borasida fikr almashildi.

    Tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish bugungi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanligini qayd etgan viloyat hokimi, “AOIKAI” xalqaro tibbiyot klinikasini Fargʻonada barpo etilishini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini, bunday zamonaviy tibbiyot muassasasini viloyatimizda tashkil etilishi 11 milliondan ziyod vodiy viloyatlari aholisi uchun qulaylik yaratishini taʼkidladi.

    Muhokama qilingan masalalar yuzasidan erishilgan dastlabki kelishuvlarga koʻra, Xiroshi Tamai viloyat hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev bilan birga joylarda tahliliy oʻrganish ishlarini davom ettirishi hamda “AOIKAI Medical Corporation” prezidenti Takayoshi Shintanining dekabr oyining dastlabki sanalarida Fargʻonaga tashrifi chogʻida har bir loyiha boʻyicha aniq muzokaralar oʻtkazilishiga kelishildi.