Ertalabdan boshlangan qabul uzluksiz 10 soatdan ziyod davom etdi va 150 dan ziyod tadbirkorning murojaati koʻrib chiqildi. Viloyatda tadbirkorlarning, fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga ishonchi tobora ortib borayotgani, soʻnggi oylarda viloyat hokimi qabuliga kelayotganlar sonining muttasil oʻsayotganida namoyon boʻlmoqda. Shu bilan birga, shahar va tuman hokimlari oʻz hududlarida tadbirkorlar masalalariga va murojaatlariga yana-da jiddiy yondashishlari lozimligini koʻrsatmoqda.

Qabulda ishtirok etgan tadbirkorlar viloyat rahbariga bank krediti va subsidiya olishga koʻmaklashish, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi uchun yer maydoni va boʻsh turgan bino-inshootlar ajratib berish, ishlab chiqarish korxonalarida gaz va elektr taʼminotini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni amalga oshirish, mahsulot realitsiyasiga yordamlashish, shuningdek soliq toʻlash boʻyicha yengilliklar taqdim etish, kadastr va egalik huquqi bilan bogʻliq muammolarni hal etish va boshqa koʻplab masalalarda murojaat qildilar. Shuningdek, mahalliy hokimiyatlar va idoralar tomonidan joylarda tadbirkorlar faoliyatlariga boʻlayotgan toʻsiqlar bilan bogʻliq masalalar ham koʻtarildi.

Muammolarning koʻpi qabul chogʻida hal etildi. Oʻrganish talab etiladigan masalalar boʻyicha viloyat hokimining vakillari tadbirkorlar bilan birga qabuldan toʻgʻri joylarga chiqib ketdilar. Hal etilishi muddat talab etuvchi murojaatlar boʻyicha viloyat hokimi tegishli mutasaddilarga koʻrsatma va topshiriqlar berdi.