XDP oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb eʼlon qildi

    Xalq demokratik partiyasi elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish hamda mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosatni davom ettirish maqsadida oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb eʼlon qildi.

    Yaqindagina ikki partiya – OʻzLiDeP va “Milliy tiklanish” DP fraksiyalari “Taraqqiyot bloki”ga birlashgan edi. Bugun esa XDP oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb eʼlon qildi.

    Bu haqda partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, partiya soʻl qanot sifatida mamlakatda ijtimoiy adolat, tenglik va birdamlik tamoyillariga asoslangan demokratik ijtimoiy davlat barpo etishni oʻz oldiga ustuvor vazifa etib belgilagan.

    Xalq demokratik partiyasi elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish hamda mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosatni davom ettirish maqsadida oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb eʼlon qildi.

    XDP Oʻng partiyalarning yaqinda tuzilgan “Taraqqiyot bloki”ning ustuvor vazifalari, shuningdek, hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yoʻnalishlariga qoʻshila olmasligini maʼlum qildi.

    Xususan:

    • iqtisodiyotda davlat ishtiroki, strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolishga eʼtiborning kamligi, ularni xususiylashtirish qonun darajasida taqiqlanmaganligi;
    • raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan pensiya tizimiga oʻtish zaruriyatining mavjudligi
    • kommunal toʻlovlari (gaz, elektr va boshqalar) masalasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlashning istiqbolga moʻljallangan aniq strategiyasi ishlab chiqilmaganligi;
    • ulushdorlik asosida uy-joy qurish boʻyicha fuqarolar ulushlarini himoya qilish va kafolatlash tizimining hanuzga qadar yaratilmaganligi;
    • aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi joriy etilmaganligi (koʻp mablagʻ topgan, koʻp toʻlashi lozim tamoyilini qoʻllash lozim), shu jumladan qimmatbaho mol-mulk uchun soliqning (hashamat soligʻi) joriy etilmaganligi;
    • farmatsevtika sohasida davlat nazorati sustligi, mahalliy va xorijiy dori vositalari uchun eng yuqori cheklangan narxlar belgilanmaganligi, shu jumladan dori vositalarining reklamasi taqiqlanmaganligi kabi bir qator masalalar partiya elektorati manfaatlariga zid deb hisoblashadi.

    Parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida quyidagi vazifalarni amalga oshirishni muhim deb hisoblaydi:

    • qonun loyihalari va parlament muhokamasidagi dolzarb masalalar boʻyicha oʻz saylovoldi dasturimiz maqsadlaridan kelib chiqqan holda qatʼiy siyosiy pozitsiyamizni bildirib borish;
    • hukumat va parlamentdagi koʻpchilikning taklif hamda tashabbuslarini tanqidiy koʻrib borish, ular yuzasidan oʻz munosabatlarimizni bildirib borish;
    • hukumat va parlamentdagi koʻpchilik tomonidan parlamentga kiritilgan qonun loyihalari boʻyicha zarur deb koʻrilgan holda muqobil qonun loyihalarini ishlab chiqish va kiritib borish;
    • iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʻyicha hukumat harakat dasturi ijrosini tanqidiy baholash va oʻz nuqtayi nazarimizni bildirish;
    • parlament nazorati vositalaridan samarali foydalanish, shu jumladan qabul qilingan qonunlarning huqumat tomonidan soʻzsiz ijro etilishi, qonun loyihalarini parlamentga oʻz vaqtida va sifatli kiritilishi, qonunlar ijrosi uchun zarur boʻlgan qonun osti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishini taʼminlash ustidan taʼsirchan nazorat olib borish.