— Keyingi yillarda akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ana shunday yangicha diagnostika va muolaja usullari joriy etilmoqda. Natijada minglab og‘ir bemorlarning hayotini asrab qolish imkoniyati yaratilyapti, — deydi markaz direktoriSaidmurod Ismailov. — Muassasamizda barcha turdagi xirurgik kasalliklar, jumladan, abdominal, yurak-qon tomir, o‘pka va ko‘ks oralig‘i xastaliklari aniqlanadi hamda davolanadi. Hozir mutaxassislarimiz 350 dan ziyod turdagi kam invaziv yuqori texnologik operasiyalar o‘tkazyapti. Ulardan 230 tasi noyob amaliyotlar turiga kiradi.
O‘tgan yili yurtimizda ilk bor endoviziual xirurgiya bo‘limida laparoskopik usulda me’da osti bezi insulinomasining enukleasiyasi hamda me’da proksimal qismi o‘smasida gastrektomiya amaliyotlarini bajarishni yo‘lga qo‘ydik.
Rentgenendovaskulyar xirurgiya bo‘limida endovaskulyar usulda bo‘lmachalararo to‘siqni bartaraf etish operasiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, 2022 - yilning o‘zida 11 turdagi yangi amaliyot o‘zlashtirildi.
Aorta anevrizmalari yorilishining oldini olish maqsadida markazda ilk bor 1 nafar bemorga endovoskulyar usul bilan ilk bor stent-graft o‘rnatildi.
Qolaversa, markazda 3 ta yurak tug‘ma nuqsonlari bo‘limi, 1 va 2-sonli gepatobiliyar xirurgiya va jigar transplantasiyasi bo‘limlari tashkil etildi.
O‘z navbatida, 2022 - yil muassasada inson a’zolari va to‘qimalari transplantasiyasi ilmiy laboratoriyasi ochildi.
Intervension kardiologiya, rentgeno-endovaskulyar jarrohlik va yurak ritmining buzilishi bo‘limida yurak va tomirlarda kam invaziv usulda, ya’ni ochiq operasiyalarsiz murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytga kelib, mazkur bo‘limda yiliga 2-2,5 mingta angiokardiografik tekshirishlar va minimal invaziv operasiyalar bajarilyapti.
Binobarin, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Xorazm viloyatining Urganch, Buxoro viloyatining Vobkent tumanlarida ilk bor buyrak transplantasiyasi o‘tkazildi.