“Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” temir yo'li qurilishi 27-dekabrda boshlanadi – Sadir Japarov

    Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temir yo'li qurilishi 27-dekabr kuni boshlanadi. Bu haqda bugun Bishkekda bo'lib o'tgan III Xalq qurultoyida Qirg'iziston prezidenti Sadir Japarov ma'lum qildi.

    “Biz ushbu loyihani boshlaganimizda, buni ertak deb hisoblab, ishonmaganlar bo'ldi. Biroq bugun barchangiz bu amalga oshiriladigan loyiha ekanligiga guvoh bo'lyapsiz. 27-dekabr kuni mazkur yo'l qurilishi bo'yicha rasmiy ishlar boshlanadi. Bu Sharq va G'arbni bog'laydigan strategik ko'prikka aylanadi”, dedi prezident.

    May oyida Sadir Japarov uch davlat o'rtasida temir yo'l qurilishi 2024-yil oktabr oyida boshlanishi haqida xabar bergan edi. Loyihani amalga oshirish uchun davlatlar 51 foizi Xitoy, 24,5 foizdan Qirg'iziston va O'zbekiston ulushidan iborat bo'ladigan qo'shma kompaniya tuzishga kelishib olishdi.

    2024-yil iyun oyida uch davlat vakillari temir yo'l qurilishi bo'yicha kelishuvni rasman imzolagan va moliyalashtirish shartlarini belgilagan edi. Loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 665 million dollarga baholanmoqda, deb xabar beradi vesti.kg.