Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temiryoʻlining moliyaviy taqsimoti maʼlum qilindi

    Bu haqda Qirgʻiziston Joʻqorgʻi Keneshining 19-iyun kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishidagi maʼlumotlarga tayanib, Spot xabar berdi.

    Qayd etilishicha, loyihaning umumiy qiymati 4,7 mlrd dollarni tashkil etadi. Shundan 2,35 mlrd dollar ishtirokchi davlatlar tomonidan ularning loyihadagi ulushlariga muvofiq taqsimlanadi. Xususan, Xitoy 1,18 mlrd dollar, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning har biri 573 mln dollardan sarmoya kiritishi lozim.

    Qolgan 2,35 mlrd dollar Xitoy tomonidan ajratiladigan notijorat kredit hisobidan moliyalashtiriladi. Hozirda bu borada Xitoy Eksimbanki va XXR Milliy banki bilan muzokaralar olib borilyapti. Temiryoʻl qurilishi 6-yil davom etishi mumkin.