Xitoy aholisi 60 yildan buyon birinchi marta kamayib ketdi

    1980-yillarda Xitoy “Bir oila — bir farzand” siyosatini olib borgandi. 2015-yilda hukumat oilalarga ikkitagacha, 2021-yilda esa uchtagacha farzand koʻrishga ruxsat berdi.

    2022-yilda Xitoy aholisi soni 850 ming kishiga qisqarib, 1 milliard 411 million 750 ming kishiga yetdi, deb yozadi China News statistika maʼlumotlariga tayanib.

    Soʻnggi marta bu koʻrsatkich 1961-yilda, mamlakatda ommaviy ocharchilik kuzatilgan vaqtda pasaygan edi. Bir yil ichida mamlakatda 9,56 million kishi tugʻilib, 10,41 million kishi vafot etgan.

    1980-yillarda Xitoy “Bir oila — bir farzand” siyosatini olib borgandi. 2015-yilda hukumat oilalarga ikkitagacha, 2021-yilda esa uchtagacha farzand koʻrishga ruxsat berdi.

    AFP yozishicha, koʻplab mahalliy hukumatlar ayni paytda oilalarni farzandli boʻlishga ragʻbatlantirish choralarini koʻrmoqda. Siyosatchilar tan olishicha, aholi shiddat bilan keksayib bormoqda, iqtisodiyotda esa ishchilar yetishmayapti.

    Eslatib oʻtamiz, dekabr oxirida Xitoy hukumati 2020-yildan buyon amal qilib kelayotgan koronavirusga nisbatan “nol bardoshlilik” siyosatini yumshatdi. Bu kasallikning yangidan avj olishiga olib keldi: dekabr oyida Xitoyda deyarli 250 million kishi COVID-19 bilan kasallangan, deb xabar beradi Bloomberg. Rasmiy statistik maʼlumotlar bu raqamlarni tasdiqlamadi, yanvar oyining oʻrtalariga qadar Pekin Xitoyda pandemiya davrida atigi 5 241 kishi oʻlganini xabar qildi.

    14-yanvar kuni esa Xitoy Milliy sogʻliqni saqlash komissiyasi Xitoyda COVID-19 ga qarshi “nol bardoshlilik” siyosati bekor qilinganidan beri bir oy ichida 59 938 kishi koronavirusdan vafot etganini maʼlum qildi.