Jumladan, Tibbiyot va sogʻlomlashtirish turizmini uygʻunlikda rivojlantirish ahamiyatlidir.
Shu boisdan Xitoy davlati bilan hamkorlikda ishlash va bir qator loyihalarni amalga oshirish boʻyicha Xitoy tajribasidan foydalanish borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilyapti.
Joriy yil 6-iyunda Toshkent shahrida Xitoy (Sian) – Oʻzbekiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamda anʼanaviy Xitoy tabobati sohasida hamkorlik boʻyicha konferensiya tashkil etildi.
Unda Xitoyning Sian shahri markaziy komiteti rahbari oʻrinbosari Vang Jivei, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi rahbari Jamshid Mirrahimov, shuningdek, Turizm qoʻmitasi, Toshkent viloyati hokimligi hamda qator manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
“Oʻzbekistonning tibbiyot turizmini rivojlantirish borasida erishayotgan natijalari bizni hayratlantiryapti. Mahalliy aholi va xorijlik talabgorlar uchun oʻz sogʻligʻi haqida gʻamxoʻrlik qilish borasida ongli tanlov uchun imkoniyatlar yaratishda xalq tabobatining salohiyatidan foydalanish juda muhim. Bu borada anʼanaviy Xitoy tabobati sohasida hududiy hamkorlik qilish boʻyicha kelishib oldik. Endilikda ikki tomonlama tajribalar almashishda qator loyihalarni amalga oshiramiz”, — deb aytib oʻtdi Xitoyning Sian shahri markaziy komiteti rahbari oʻrinbosari Vang Jivei.
Tadbir yakunida Xitoy (Sian) – Oʻzbekiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamda anʼanaviy Xitoy tabobati sohasida hamkorlik boʻyicha memorandum imzolandi.
Maʼlumot uchun, mamlakatimizdagi 86 ta sanatoriy va tibbiy muassasalarda oʻtgan yili 60 mingdan ziyod xorijiy turist davolandi. Bu koʻrsatkichni joriy yilning yakuniga qadar bir barobarga oshirish maqsad qilingan. Eslatib oʻtamiz, endilikda xususiy klinikalarning xalqaro standart olish, xorijiy koʻrgazmada qatnashish xarajatlari byudjetdan qoplanadi. Klinikalarga kelgan chet elliklar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytariladi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.