Xitoy bozoriga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan asalni eksporti uchun yoʻl ochildi

    Agrosektor 20 Noyabr 2020 1761

    Veterinariya va chorvachilkini rivojlantirish davlat qoʻmitasi masʼullari va Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona Bosh maʼmuriyati vakillari oʻrtasida videokonferensiya shaklida muloqot boʻlib oʻtdi.

    Unda asal mahsulotlarini yetishtirish, jumladan Qoʻmita va Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona Bosh maʼmuriyati oʻrtasida 2019-yil 27-avgustda Pekin shahrida imzolangan Oʻzbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan asal boʻyicha tekshiruv, karantin va veterinariya talablari borasidagi bitimga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.

    Onlayn uchrashuv davomida Oʻzbekistondan Xitoyga eksport qilinishi kutilayotgan asal mahsulotining sogʻliq sertifikati Xitoy masʼullari tomonidan tasdiqlangani va Oʻzbekistonning 6 ta asal ishlab chiqaruvchi subyektlari muvaffaqqiyatli tarzda Xitoyga asal yuboruvchi kompaniyalar roʻyxatidan oʻrin olgani qayd etildi.

    Taʼkidlash joizki, bu orqali endilikda ushbu korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi hamda Xitoy Xalq Respublikalarining insonlar va hayvonlar sogʻligini saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi tegishli qonun xujjatlari, mavjud standartlar va belgilangan meʼyorlar, shuningdek mazkur Bitim talablari asosida asal va asal mahsulotlarini Xitoyga eksport qilishga tegishli ruxsat olindi.

    Videomuloqot davomida kelgusida bu boradagi amaliy saʼy-harakatlarni izchil davom ettirish hamda Xitoyga asal eksport qilmoqchi boʻlgan boshqa istiqbolli kompaniyalarni tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazish uchun tegishli choralar koʻrilishiga kelishib olindi.

    Shuningdek, tadbirda Oʻzbekistondan Xitoyga goʻsht va sut mahsulotlari hamda parranda mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilinib, Xitoy tomonni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar taqdim qilinib, bu yoʻnalishda ham olib borilayotgan ishlarni yana-da tezlashtirish va tegishli bitimni imzolashga kelishib olindi.