Xitoy elchixonasi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini qo‘llab-quvvatladi

    Xalqaro hamkorlik 27 Aprel 2021 2110

    Xitoy elchixonasi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga ta’lim jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun moddiy-texnika uskunalar taqdim etdi.

    Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDShU) rahbariyati va Xitoy elchisi Szyan Yan o‘rtasida onlayn shakldagi muloqot bo‘lib o‘tdi.

    Universitet tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, uchrashuvda Xitoy elchixonasi oliy bilim yurtiga beg‘araz yordam sifatida keng ekranli televizorlar, noutbuklar, Wi-Fi routerlardan iborat moddiy-texnika uskunalari taqdim etgan.

    TDShU rektori Gulchehra Rixsieva mazkur texnika vositalari yaqinda Xitoyning qator hamkor universitetlari bilan birgalikda ochilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston-Xitoy gumanitar almashinuv markaziga berilishini ta'kidlab, diplomatik missiyaga o‘z minnatdorligini bildirdi.

    Tadbirda TDShU va Xitoy elchixonasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniy sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Xitoy hamkor universitetlari bilan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xitoyshunoslik sohasi bo‘yicha Xitoy universitetlaridan olimlarni TDShU o‘quv jarayoniga jalb etish, soha bo‘yicha zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, 2021-2022-o‘quv yilidan Xitoy hamkor universiteti bilan ikki diplomli ta’lim yo‘nalishini joriy qilish kabi masalalar qamrab olindi.

    Shu bilan birga, TDShU qoshidagi Konfutsiy instituti oldida turgan istiqbolli vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

    – TDShU qoshidagi Konfutsiy instituti dunyoda tashkil etilgan birinchi Konfutsiy instituti bo‘lib, ushbu dargoh o‘z yetakchiligini saqlashi uchun elchixonamiz doimiy qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi Szyan Yan.

    Ma’lumot o‘rnida, TDShUda xitoyshunoslik sohasi 70 yillik tarixga ega. 2014-yilda Markaziy Osiyodagi ilk xitoyshunoslik fakulteti aynan shu dargohda tashkil etilgan. Hozir mazkur fakultetda xitoy tili va adabiyoti, Xitoy tarixi, falsafasi, iqtisodiyoti, siyosati bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Pandemiyaga qadar har o‘quv yili TDShU va universitet qoshidagi Konfutsiy instituti o‘quv jarayoniga xitoy tili va adabiyoti bo‘yicha Xitoydan 10 ga yaqin volontyor-o‘qituvchi jalb qilib kelingan. Shu bilan birga, universitetning 25 nafar talabasi grant asosida Xitoy oliy ta’lim muassasalariga 1 yillik stajirovka o‘tashga yuborilgan, deb xabar beradi «Dunyo» AA.