Xitoy harbiy delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurdi

    Harbiy 19 Iyul 2023 1783

    Joriy yil 17-iyulda Xitoy Milliy ozodlik armiyasi Milliy mudofaa akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi.

    Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonda harbiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, harbiy taʼlim tizimi bilan tanishishdan iborat boʻldi.

    Delegatsiyaga Xitoy Milliy mudofaa universiteti huzuridagi Harbiy boshqaruv akademiyasi direktori general-mayor Li Yanxua boshchilik qildi.

    Tadbirlar Xitoy harbiy delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrifi bilan boshlandi.

    Akademiyaga tashrif davomida harbiy delegatsiya vakillari u yerning infratuzilmasi, taʼlim jarayonlari va oʻquv moddiy bazalari bilan yaqindan tanishtirib borildi. Yetakchi oliy harbiy taʼlim muassasasida harbiy xizmatchilarning kasbiy professional mahoratini takomillashtirish maqsadida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni mehmonlar alohida eʼtirof etdi.

    Tashrif davomida ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasida hamkorlikda olib borilayotgan harbiy taʼlim masalalarining joriy holati hamda istiqbollari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida fikr almashildi.

    Shundan keyin Xitoy harbiy delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari muzeyi hamda Mudofaa vazirligi Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.