Vazirlar Mahkamasida 9-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xu Chunxua boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda tobora yuqori surʼat bilan rivojlanayotgan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajaga koʻtarilishida Davlatlarimiz rahbarlarining oʻrtasidagi samimiy, doʻstona va oʻzaro ishonch tamoyillariga asoslangan munosabatlar muhim omil boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, Xitoy anʼanaviy ravishda mamlakatimizning yetakchi va ishonchli hamkorlaridan biridir. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi qariyb 8 mlrd dollarni tashkil etdi. Davlatlarimiz Rahbarlari ushbu koʻrsatkichni tez orada 10 mlrd dollarga yetkazishni belgilab bergan.
Investitsiya va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanyapti.
Bugungi kunda mamlakatimizda 2 100 dan ziyod Xitoy kapitali ishtirokidagi korxona faoliyat yurityapti. Birgina 2022-yilning oʻtgan 10 oyida Oʻzbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 218 ta yangi korxona tashkil etildi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.