Xitoy: ko'chki oqibatida 10 kishi hayotdan ko'z yumdi

    Xitoy janubi-g'arbidagi Sichuan viloyatidagi Gardze-Tibet avtonom okrugining Kandin uezdida sodir bo'lgan suv toshqini oqibatida kamida 10 kishi halok bo'ldi, 17 kishi bedarak yo'qoldi.

    Bu haqda Xinhua agentligi xabar berdi.

    Tabiiy ofat 3-avgust kuni erta tongda yuz berdi. Sel ko'prikni vayron qilib, ikkita magistral tunnelni to'sib qo'ydi. Jidi qishlog'idagi uylar ham zarar ko'rdi.

    Agentlikning qayd etishicha, ko'prikning qulab tushishi tufayli ichida 11 kishi bo'lgan 4 ta avtomobilni sel olib ketdi. Ulardan 3 nafari hayotdan ko'z yumgani ma'lum qilindi, 1 nafari qutqarildi, qolgan 7 nafari bedarak yo'qolganlar ro'yxatida. Jidida 7 kishi halok bo'ldi, 10 kishi bedarak yo'qoldi.

    Qidiruv-qutqaruv ishlari tabiiy ofat zonasida davom etmoqda, mazkur hududdagi baland tog'lar tufayli jarayon murakkablashmoqda. Qidiruv amaliyotida dronlardan foydalanilmoqda, deb xabar beradi tass.ru.