Xitoy koinotga to'rtta sun'iy yo'ldoshni olib chiqdi

    Xitoyning Galactic Energy xususiy koinot kompaniyasi ma'lumotlarni to'plash va uzatish uchun raketa-tashuvchi vositasida to'rtta sun'iy yo'ldoshni koinotga olib chiqdi.

    CERES-1S Y2 raketa-tashuvchisi 29-may, chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:12 da Xitoyning Shandun viloyati qirg'oqlaridagi mobil uchirish platformasidan uchirilib, sun'iy yo'ldoshlarni 850 kilometrlik quyi Yer orbitasiga – Tianqi sun'iy yo'ldoshlari tomon yubordi.

    Ushbu missiyaning bir qismi sifatida uchirilgan to'rtta sun'iy yo'ldosh real vaqt rejimida global ma'lumotlarni uzatish hamda qisqa xabar almashish xizmatlarini taqdim etishi mumkin.

    38 ta sun'iy yo'ldosh va bir nechta yerosti stansiyalaridan iborat Tianqi sun'iy yo'ldosh turkumi turli ilovalar uchun global ma'lumotlar xizmatlarini taqdim etadi va shu bilan Xitoyda internet axborot sanoatini texnologik yangilashga yordam beradi.

    Hozirda 25 ta sun'iy yo'ldosh ishlamoqda, ulardan olingan ma'lumotlar turli sohalarda, jumladan, o'rmon, qishloq xo'jaligi, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, turizm, suvni tejash, neftni qidirish, okean monitoringi, aqlli shaharlar va raqamli iqtisodiyotning boshqa ko'plab sohalarida qo'llanilmoqda, deb xabar beradi korrespondent.net.