Transport vazirligi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ vakillaridan iborat delegatsiya joriy yilning 19-26-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻldi.
Xizmat safari davomida “Yutong Bus Co., Ltd”, “King Long”, “Magnetic North”, “Hikvision” kompaniyalariga tashrif amalga oshirildi va kompaniyalarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tinishildi. Shuningdek, bir qator yoʻnalishlarda hamkorlik qilish masalalari yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi.
Xususan, “Yutong Bus Co., Ltd” kompaniyasi bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida uch tomonlama memorandum imzolandi. Shu bilan birga tomonlar haydovchisiz harakatlanadigan avtonom transport vositalari sohasida oʻzaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
“Hikvision” kompaniyasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar yakuniga koʻra, innovatsion videokuzatuv tizimlari va sunʼiy intellekt texnologiyasiga asoslangan integratsiyalashgan xavfsizlik yechimlarini taqdim etish boʻyicha “Toshshahartransxizmat” AJ bilan ikki tomonlama memorandum imzolandi.
“Magnetic North” kompaniyasi bilan aqlli transport tizimini yoʻlga qoʻyish masalalarida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi. Xususan, kompaniya bilan Oʻzbekiston Respublikasining intellektual transporti boʻyicha toʻliq yechimlarni taqdim etish, jumladan, ishlab chiqish, loyihalash, oʻrnatish, ishga tushirish, oʻqitish, texnik xizmat koʻrsatish va takomillashtirish boʻyicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.