Xitoy kompaniyasi Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida elektr energiyasini saqlash tizimini barpo etadi

    Fargʻona viloyati hokimligida Xitoyning “China Gezhouba Group Overseas Investment Co. LTD” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil fevral oyidagi “Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) boʻlgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga asosan, ushbu kompaniya dastlabki baholash boʻyicha jami 144 million dollar miqdoridagi toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritish hisobiga Oʻzbekiston tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) boʻlgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish loyihasini amalga oshirishga kirishmoqda.

    Uchrashuvda ushbu loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Viloyat rahbariyati elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etilishining viloyatda elektr taʼminotini yaxshilashdagi ahamiyatini taʼkidlab, loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal etishda doimiy koʻmak berilishini bildirdi. Belgilangan chora-tadbirlarning borishidan oʻz mamnuniyatlarini bildirgan xitoyliklar, yaqin muddatda loyihaning tamal toshini qoʻyishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildilar.