Xitoy kompaniyasi hamkorligida Qashqadaryoda quyosh foto-elektr stansiyalari quriladi

    Joriy yilning 17-may kuni Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC Engineering Co.,LTD” kompaniyasi Bosh direktori boshchiligidagi delegatsiya bilan videokonferensaloqa formatida uchrashuv oʻtkazdi.

    Mazkur tadbirda Kitob tumani “Qaynar” turizm mahallasida Xitoy tajribasi asosida yiliga 200 ming mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatadigan zamonaviy turistik kompleks qurish, turistik kompleksga tutash hududda soatiga 800 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan, uzunligi 1.9 km va dastlabki hisob-kitoblarga koʻra qiymati 15 mln. dollar boʻlgan zamonaviy osma dor yoʻli qurish (hozirda xitoylik mutaxassislar tomonidan har ikkala loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi, osma dor yoʻli qurish loyihasi 2024-yil 2-choragiga qadar toʻliq yakunlanadi).

    Shuningdek, viloyat hududida 20 ga yaqin umumiy hajmi 500 mvt.dan ortiq boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari, mini GESlar va shamol elektr stansiyalari qurish hamda yashil shahar” konsepsiyasi doirasida Qarshi shahriga dastlabki bosqichda 50 ta elektrobuslarni yetkazib berish. Xitoyning suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi kompaniyalarining mahsulotlarini viloyatga yetkazib berish va ikkinchi bosqichda yil yakuniga qadar, Qarshi shahridagi erkin iqtisodiy zonada ularni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdan iborat.

    Tadbirda viloyat hokimligi va Xitoy kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha10 mvt hajmdagi quyosh panellari va invertorlarini yetkazib berishga moʻljallangan ikki tomonlama bitim imzolandi.

    Maʼlumot uchun, viloyat hokimi va mazkur kompaniya Bosh direktori boshchiligidagi vakillar bilan 2022-yil
    10-noyabr va joriy yilning 16-yanvar kuni ham videokonferensaloqa formatida uchrashuvlar oʻtkazgan edi.

    Shundan soʻng, kompaniya tomonidan 5 mvt hajmdagi quyosh panellari va invertorlarini yetkazib berildi.

    Joriy yilning 12-13-mart va 6-7-aprel kunlari Xitoylik mutaxassislar tomonidan Kitob va Shahrisabz tumanlarida turistik kompleks va osma dor yoʻli qurish joylari aniqlangandi.

    Oʻz navbatida, mart-aprel oylarida qishloq xoʻjaligi va suv tejovchi texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar darajasida muloqotlar ham oʻtkazilgan.

    Tadbir yakunida kompaniya Bosh direktori tomonidan bugungi kelishuvlar — respublikamizda hurmatli Prezidentimiz rahbarliklarida yaratilgan qulay investitsiya muhiti mahsuli ekanini taʼkidlandi. Mazkur tizim xorijiy kompaniyalarda Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini amalga oshirish va uni kengaytirishda mustahkam ishonch berishi ham qayd qilindi.

    Qashqadaryo viloyatida bundan keyin ham yangidan-yangi investitsiya loyihalari va yangi tashabbuslar amalga oshirish boʻyicha ham tomonlar muzokaralar olib borishdi.