Xitoy kompaniyasi Oʻzbekistonda sunʼiy charm ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi

    Sanoat 23 Yanvar 2024 1030

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi XXRga amalga oshirgan ishchi tashrifi doirasida Jinjiang xalqaro poyabzal va toʻqimachilik shaharchasidagi Jinjiang poyabzal uskunalari palatasi vakillari bilan muzokara oʻtkazdi.

    Muloqot mavzusi ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini rivojlantirish va loyihalarni joylashtirishda Xitoy tajribasini oʻrganish, Xitoy kompaniyalari sarmoyasini Oʻzbekistonga jalb etish masalasi boʻldi.

    Jinjiang xalqaro poyabzal va toʻqimachilik shaharchasi mazkur hududdagi ishlab chiqarish korxonalarining mahsulotlarini muntazam ravishda xorijiy hamkorlarga taqdim etib boruvchi shou-rumlar, dizayn markazlari, savdo doʻkonlaridan iborat katta bir kompleks sanaladi.

    Sanoat shaharchasi bilan tanishuv jarayonida Oʻzbekistonda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini yanada rivojlantirish, loyihalarni joylashtirish boʻyicha oʻzaro tajriba almashildi.

    Muloqotda Xitoy kompaniyasi sunniy charm ishlab chiqarish boʻyicha invest loyihani Oʻzbekistonda boshlash tashabbusini bildirdi. Kompaniya rahbarining soʻzlariga koʻra Oʻzbekiston hukumati tomonidan xorijiy sarmoyadorlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, preferensiyalar bunga sabab boʻlgan.

    Shuningdek, mahalliy korxonalarimiz bilan aprel oyida Jinjiangda boʻlib oʻtadigan xalqaro poyabzal koʻrgazmasida bevosita uchrashib, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga katta qiziqish bildirildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.