Xitoy Oʻzbekiston orqali yangi multimodal yoʻnalishni ishga tushirdi

    Xitoyning Koshgʻar shahrida Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston—Turkmaniston multimodal marshruti boʻyicha yuk tashuvlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, mazkur multimodal marshrutinining ochilishi «Markaziy Osiyo – Xitoy«, «Xitoy – Yevropa«ga eltuvchi yoʻllarni diversifikatsiya qilish hamda «Oʻrta yoʻlak« tranzit imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan.

    Shu yilning 15-oktyabr kuni Qashgʻar shahridan 7 ta avtomobil ushbu marshrut boʻyicha harakatni boshladi. Avtomobillar 21-oktyabr kuni Oʻzbekistonga va 24-oktyabr kuni Turkmanistonga yetib olishi rejalashtirilgan. Yuklarni bir qismi Turkmanistondan Ozarbayjonga yetkaziladi.

    Tadbirda ishtirok etgan Xitoy Transport vazirligi Transport xizmatlari departamenti direktori Say Tuanszening aytishicha, «Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston-Turkmaniston« multimodal transport marshruti Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy davlat rahbarlarining oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga boʻlgan irodalarining nishonasidir.

    Tranzit marshruti barcha ishtirokchi mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga, oʻzaro yuk tashuvlar hajmlarini oʻsishiga hamda «Bir makon, bir yoʻl« tashabbusining amalga oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Mazkur marshrut nafaqat Yevropa, balki Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga ham chiqish uchun imkoniyat yaratadi.