Xitoy parlamenti vakillari poytaxtimizdagi Konfutsiy nomli Oʻzbekiston -Xitoy institutida tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi

    Amaliy tashrif bilan yurtimizda boʻlib turgan Butunxitoy xalq vakillari majlisi doimiy qoʻmitasi Raisi Chjao Leszi boshchiligidagi delegatsiya Senat Raisi Tanzila Narbayeva hamrohligida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Konfutsiy nomli Oʻzbekiston -Xitoy institutiga tashrif buyurdi.

    Mehmonlar mazkur taʼlim dargohining 20-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Konfutsiy institutlari va sivilizatsiyalararo oʻzaro taʼlim” mavzusidagi xalqaro anjumanning ochilish marosimida ishtirok etdi.

    Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlarining turli davlat va taʼlim muassasalari vakillari, shuningdek, xitoyshunoslik va xalqaro munosabatlar sohasidagi ekspert va olimlar ham qatnashdi.

    Oliy Majlis Senati Raisi oʻz soʻzida taʼlim va fan, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi har bir qadam xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.

    Oʻz navbatida, Chjao Leszi Toshkentdagi Konfutsiy instituti dunyodagi birinchi tashkil etilgan institutlardan biri sanalishini taʼkidlab, Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik ishonchli va yillar sinovidan oʻtgan doʻstona munosabatlarga asoslanganiga urgʻu berdi.

    Tadbir doirasida XXR delegatsiyasi Konfutsiy institutining soʻnggi 20-yil davomida erishgan yutuqlariga bagʻishlangan koʻrgazma bilan ham tanishdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.