“Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston” temir yo'li qurilishi loyihasi bo'yicha uch tomonlama hujjat imzolandi

    Transport 18 May 2023 1321

    Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Sharqiy Osiyodan yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga bo’lgan yo'lni taxminan 900 km, yuk yetkazib berish muddatlari esa 7-8 sutkaga kamaytiradi.

    Bugun, 2023-yil 18-may kuni Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida Xitoy Xalq Respublikasining taraqqiyot va islohotlar Davlat qo'mitasi, Qirg'iziston Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi transport vazirligi o'rtasida “Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston” temir yo'li qurilishi loyihasi bo'yicha keyingi bosqichlarni nazarda tutuvchi uch tomonlama hujjat imzolandi.

    Bugungi kunga kelib, ushbu loyiha bo'yicha tomonlar “Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston” temir yo'li qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va texnik-iqtisodiy asoslarini uch tomonlama qo'shma baholash ishlarini amalga oshirdilar, keyinchalik esa ekspertiza o'tkazilishi rejalashtirilgan.

    Mazkur hujjat ushbu loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini belgilab, qurilish loyihasini ishlab chiqish, investitsiyalar va moliyalashtirish modelini o'rganish va aniqlashni o’z ichiga oladi.

    Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Sharqiy Osiyodan yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga bo’lgan yo'lni taxminan 900 km, yuk yetkazib berish muddatlari esa 7-8 sutkaga kamaytiradi.

    Dastlabki prognozlarga ko'ra, yuk tashish hajmi yiliga 12-15 million tonnani tashkil etadi.