Xitoy Sirdaryo viloyatida agrologistika majmuasi quradi

    Agrosektor 6 Aprel 2023 1526

    Bugun Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitovning “CITIC Construction” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Yang Jiantsyan bilan videokonferensaloqa tarzidagi muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev, Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev hamda vazirlik masʼul xodimlari ishtirok etdi.

    Ochiq va doʻstona ruhda oʻtgan Sirdaryo viloyatining qulay geografik joylashuvi, xorijiy investorlar uchun mavjud imtiyoz va preferensiyalar haqida maʼlumot berib oʻtdi. Shuningdek, Xitoy tomoni Sirdaryo viloyatida agrologistika majmuasini qurish loyihasiga katta qiziqish bildirdi.

    Uchrashuv chogʻida Sirdaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, ularni qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirishni oʻz ichiga olgan agrologistika majmuasini barpo etish uchun investitsiya kiritish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.

    Muzokaralar davomida tomonlar yaqin kunlar ichida “CITIC Construction” kompaniyasi ishchi guruhining yurtimizga tashrifini tashkil etish hamda mazkur yirik loyihani joyida oʻrganish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

    Maʼlumot uchun: CITIC Construction – Xitoyning eng yirik davlat investitsiya korporatsiyasi CITIC Groupning qurilish va muhandislik shoʻba korxonasi boʻlib, 2008 va 2022-yillarda Pekinda oʻtkazilgan Olimpiada oʻyinlari uchun “Qush uyasi” stadioni, aminokislotalar (lizin, triptofan) ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologiyali agrosanoat majmualari qurilishi kompaniya tomonidan amalga oshirilgan loyihalar hisoblanadi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.