“Associated Press” agentligining ma'lum qilishicha, 2022-yil Xitoy uchun 61 yil ichidagi eng issig'i bo'ldi. Qurg'oqchilik ekinlarni quritib yubordi, suv omborlari yarimlab qoldi.

Hukumat kuzgi hosilni qutqarib qolish uchun tezkor choralar ko'rishga qaror qildi. Kuzgi hosil Xitoyda yillik hosilning 75 foizini tashkil etadi. Yomg'ir chaqirish maqsadida bulutlarni haydash uchun maxsus vositalardan foydalanishga to'g'ri kelmoqda. Shuningdek, ekinlarning namligi uzoq vaqt saqlanishi uchun maxsus moddalar sepilmoqda.

Mamlakat qishloq xo'jaligi vaziri Tan Jen`tszyanning bayonot berishicha, kelgusi o'n kun Xitoy janubida guruch hosildorligi uchun muhim davr hisoblanadi. Uning ta'kidlashicha, hukumat kuzgi bug'doy hosilini saqlab qolish uchun tezkor choralarni ko'rishga majbur bo'lmoqda.

Avvalroq Ispaniya suv sepkich qurilmalarini qurish va kengaytirish uchun 200 million evro investitsiya jalb qilayotgani haqida ma'lum qilingan edi. Ushbu usul mamlakatda qurg'oqchilik sharoitida suv tanqisligini bartaraf qilishga yordam beradi, deyiladi xabarda.

Eslatib o'tamiz, joriy yilning fevral` oyida saytimiz orqali “O'zbekistonda sun'iy qor va yomg'ir yog'diriladi” maqolasi ham e'lon qilingan edi.