Xitoy: suv toshqini oqibatida kamida 11 kishi hayotdan ko'z yumdi

    Xitoyning sharqiy va janubiy qismida kuchli yomg'ir yoqqani tufayli suv toshqini yuz berdi, oqibatda kamida 11 kishi halok bo'ldi.

    Bu haqda “Xinhua” agentligi ma'lum qildi.

    Qutqaruv xizmatlarining dastlabki ma'lumotlariga ko'ra, mamlakat sharqidagi Anxoy viloyatida suv toshqini ikki kishining hayotiga zomin bo'ldi. Janubdagi Guandun viloyatida yana to'qqiz kishi halok bo'ldi.

    Tabiiy ofatlarga favqulodda choralar ko'rish topshirilgan Xuanshan shahrida (Anxoy viloyati) murakkab vaziyat davom etmoqda. Shaharning ayrim hududlarida yaqinda yog'ingarchilik darajasi 405 millimetrdan oshdi.

    Shu kungacha Xuanshan shahrida 179 mingga yaqin odam u yoki bu darajada suv toshqinidan jabr ko'rdi, 11 ming mahalliy aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Shuningdek, yog'ingarchilik 10 ming gektardan ortiq maydondagi qishloq xo'jaligi ekinlariga zarar yetkazdi. Shahardagi qutqaruv ishlariga 3 mingdan ortiq favqulodda xizmatlar xodimlari jalb qilindi, deb xabar beradi report.az.