Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi

    Hukumat 15 May 2023 2845

    Yigʻilishda kambagʻallikni qisqartirish sohasida Xitoy tajribasini oʻrganish masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

    Maʼlumki, shu maqsadda Xitoydan tajribali ekspertlar mamlakatimizga olib kelindi, Oʻzbekiston delegatsiyalari Xitoyga borib keldi. Natijada 18 ta yoʻnalishda manzilli loyihalar tayyorlandi.

    Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.

    Bunda kambagʻallik yuqori boʻlgan tumanlarda yoʻl-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va oʻrta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga eʼtibor qaratiladi.

    Mutasaddilarga xitoylik ekspertlar bilan birga tanlab olingan 14 ta tumanni kambagʻallikdan chiqarish uchun kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.

    Xitoy markazlari bilan hamkorlikda hokim yordamchilarini oʻqitish, yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafar salohiyatli hokim yordamchilarini Xitoyga amaliyot oʻtashga yuborish vazifasi qoʻyildi.

    Yigʻilish davomida soha va hududlar mutasaddilarining yangi tizim asosidagi ishlarni qanday tashkil etishi yuzasidan axboroti tinglandi.