Xitoy rasmiylari Tokiodan yapon kemalarini Sharqiy Xitoy dengizidagi bahsli Dyaoyuydao (Senkaku) orollari suviga kiritmaslikni talab qilmoqda. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Sohil qo'riqlash boshqarmasi rasmiy vakili Gan Yuy ma'lum qildi.

1-noyabr kuni Dyaoyuydao hududida bir nechta yapon qirg'oq qo'riqlash qayiqlarining paydo bo'lishi munosabati bilan e'lon qilingan bayonotda: “Biz Yaponiyadan ushbu suvdagi barcha noqonuniy faoliyatni to'xtatish va bunday hodisalar boshqa takrorlanmasligini ta'minlashini talab qilamiz”, deyiladi.

Gan Yuy ta'kidlaganidek, Xitoy tomoni “nazoratni ta'minlash uchun zarur choralarni ko'rdi”. U Pekin arxipelagni Xitoy hududi deb bilishini eslatib o'tdi.

Dyaoyuydao bo'yicha bahs Tokio 2012-yil sentabrida orollarni xususiy mulkdorlar – Yaponiya fuqarolaridan sotib olishini e'lon qilganidan keyin avj oldi. Shundan so'ng Xitoyda ommaviy namoyishlar bo'lib o'tdi. O'shandan buyon Xitoy kemalari doimiy ravishda arxipelagning qirqoq hududiga ko'rgazmali tarzda suzib keladi, deb xabar beradi tass.ru.