Xitoy Yaponiyadan Fukusima-1 AESdan oqizilgan suv uchun tovon puli talab qilmoqda

    Xitoy hukumati Yaponiyadan “Fukusima-1” atom elektr stansiyasidan tozalangan suvning oqizilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan iqtisodiy zarar uchun kompensatsiya tizimini ishlab chiqishni talab qilmoqda.

    Bu haqda Kyodo agentligi xabar bermoqda.

    Agentlik manbalariga ko'ra, XXR parda ortidan tegishli talablarni ilgari surmoqda. Shu bilan birga, Yaponiya rasmiylari suvni oqizish barcha xavfsizlik standartlariga muvofiq amalga oshirilayotgani va Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik (MAGATE) tomonidan tasdiqlanganligini bahona qilib, bu talablarni allaqachon rad etgani ta'kidlanadi.

    Ayni paytda atom elektr stansiyasi hududida 1,34 million tonnadan ortiq suv to'planib qolgan. Shu munosabat bilan Yaponiya hukumati tozalangan suvni asta-sekin okeanga oqizishga qaror qildi. Bu operatsiya 30-40 yil davom etadi. Suv tozalanmoqda, lekin uning tarkibida tritiy saqlanib qolmoqda, uni olib tashlash mumkin emas. Bundan tashqari, u dengiz suvi bilan aralashtirilmoqda. Tritiyning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasi bir litr uchun 1500 bekkerelni tashkil qilyapti. Yaponiya hukumati va MAGATE tomonidan okeanda o'tkazilgan o'lchovlar belgilangan parametrlarga muvofiqligini tasdiqlaydi. Ayni paytda stansiyada suvni oqizishning to'rtinchi bosqichi o'tkazilmoqda. Uning doirasida avvalgi bosqichlarda bo'lgani kabi kuniga 500 tonnadan ortiq bo'lmagan partiyalarda 7,8 ming tonnaga yaqin suvni oqizish rejalashtirilgan.

    Tokioning qarori bir qator mamlakatlarda norozilik uyg'otdi. Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi suvni oqizishning birinchi bosqichi boshlangan o'tgan yilning 24-avgustidan boshlab Yaponiyadan dengiz mahsulotlari importini butunlay to'xtatdi, deb xabar beradi report.az.