Bu haqda XXR Davlat statistika boshqarmasiga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi. Bu 1961-yildan beri ilk qisqarish yuz bergan 2022-yildagiga (- 850 ming kishiga) qaraganda ancha yuqori.
Aholining kamayishiga sabab tugʻilishning rekord darajada pastligi va koronavirusga qarshi qatʼiy choralar bekor qilinganidan keyingi oʻlim toʻlqini boʻldi. Oʻtgan yili jami oʻlimlar 6,6 foizga oʻsib, 11,1 million kishini tashkil qildi, oʻlim darajasi 1974-yildan beri eng yuqori darajaga yetdi.
Xitoyda yangi tugʻilgan chaqaloqlar soni ham 5,7 foizga kamayib, 9,02 million nafarni tashkil etdi, tugʻilish koeffitsiyenti esa rekord darajada past boʻldi — har ming kishiga 6,39 bola. 1980-yildan 2015-yilgacha olib borilgan “bir bola - bir oila” siyosati va jadal urbanizatsiya natijasida mamlakatda tugʻilish darajasi keskin pasayib bormoqda.
Xitoyda erkaklar soni 720,32 million kishiga (0,2 foizga pasayish), ayollar soni 689,35 million kishiga (0,04 foizga kamayish) yetdi. Mehnat yoshidagi (16 yoshdan 59 yoshgacha) fuqarolar ulushi 61,3 foizni tashkil etdi - 2022-yilga nisbatan 0,7 foizga kam. Mamlakatda 65 yoshdan oshganlar esa 216,76 million kishi boʻlib, ularning soni 3,3 foizga oshgan.