Xitoyda aniqlangan SFTS virusining xavflilik darajasini shifokor baholadi

    Dolzarb 9 Avgust 2020 1398

    Xitoyda aniqlangan yangi SFTS virus infeksiyasi koronavirus bilan grippning aralashmasidan kamroq xavflidir.

    Ushbu nuqtayi nazarni Novosibirsk davlat tibbiyot universiteti ichki kasalliklar kafedrasi dotsenti Vladislav Mitroxin URA.RU ga bayon qilgan.

    Uning soʻzlariga qaraganda, yangi kasallik haqida hozircha maʼlumotlar yetarli emas. Hozircha yangi virusning faqat oshqozon-ichakka taʼsiri haqida gapirish mumkin.

    “Lekin eng xavflisi bu koronavirus bilan gripp virusining birikishi deb oʻylayman. Agar bir vaqtning oʻzida ikkalasi bilan kasallansa, albatta”, — deb hisoblaydi ekspert.

    Shuningdek, u hamkasblarining yangi virus hozir Rossiya uchun xavfli emas, degan fikriga ham eʼtibor qaratdi. Lekin Vladislav Mitroxin toʻliq manzaraning mavjud emasligi haqida ham qoʻshimcha qiladi. Yangi kasallik koronavirus kabi keng emas, balki mahalliy darajada tarqalishi mumkin, degan taxmin mavjud. Lekin maʼlumotlarning yetarli emasligi hozircha xulosa qilish imkonini bermaydi.

    “Virusning yuqish yoʻllari qanaqangi ekanligi aniq emas. Oʻylaymanki, hafta davomida biz koʻproq axborot olishimiz mumkin”, — dedi Vladislav Mitroxin.