100 nafarga yaqin xitoylik ishbilarmonlar, investorlar hamda Fargʻona viloyati rasmiylari, viloyatdagi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan Forumda soʻz olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Oʻzbekiston – Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini, bugungi kunda Xitoy yurtimizning eng yirik savdo sherigiga aylanganini taʼkidladi.

Hozirda Fargʻona viloyatida Xitoy kapitali ishtirokida jami 138 ta korxona faoliyat olib borayotganini, 2022-yilda 375,1 million dollar Xitoy sarmoyasi jalb etilganini, bugungi kunda Xitoy bilan hamkorlikda 25 ta loyiha doirasida qiymati 1 milliard 224 million dollarlik investitsiya kiritish boʻyicha amaliy ishlar olib borilayotganini qayd etgan viloyat hokimi, boʻlib oʻtayotgan Forumning yangi hamkorlik koʻlami yoʻnalishlarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etishiga eʼtibor qaratdi.

Forumda Oʻzbekistonning Xitoydagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev hamda Sichuan provinsiyasi savdoni rivojlantirish kengashi raisi Xuan Li ham chiqish qildilar.

Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev tomonidan viloyat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan ishlar, oʻsish surʼatlari va viloyatning investitsion, eksport salohiyati haqida taqdimot amalga oshirildi.

Forum davomida B2B va G2B formatida muzokaralar oʻtkazilib, oʻzaro manfaatli hamkorlik boʻyicha erishilgan kelishuvlar doirasidagi savdo-investitsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ish tashkil etish belgilab olindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.