Xitoyda Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus jurnal chop etildi

    Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi tomonidan Pekin shahrida oʻtkazilgan tadbir Oʻzbekiston Mustaqilligining 31 yilligi, ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlandi.

    Unda turli vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, akademik, ishbilarmon doiralar va OAV vakillari ishtirok etdi.

    Oʻzbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligining bugungi dinamikasi, 2022-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga kuchli turtki bergan oliy darajadagi muhim tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

    Xitoy tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ma Chjaosyuy davlatlararo koʻp qirrali hamkorlik jadal surʼatlar bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

    Tadbir doirasida yurtimizning qadimiy tarixi, betakror madaniyati, urf-odatlari va anʼanalari aks ettirilgan badiiy suratlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

    Mehmonlar eʼtiboriga oʻzbek milliy raqslari va kuy-qoʻshiqlari havola etildi.

    Lili San, Xitoy iqtisodiy va tijorat maslahatchilari alyansi bosh kotibi:

    - Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasida barcha sohalarda keng qamrovli aloqalar doʻstlik, tenglik va oʻzaro hurmat asosida rivojlanib bormoqda. Biz ham, oʻz navbatida, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga oʻz hissamizni qoʻshishga tayyormiz.

    Tina, “Lookwe” nashri muharriri:

    - Biz Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus jurnal chop etdik. Ushbu nashr Xitoyning keng jamoatchiligini Oʻzbekistonning siyosiy, iqtisodiy, madaniy, turizm va boshqa sohalardagi yangiliklari, yutuq va imkoniyatlari bilan tanishtiradi.