Xitoydan avtobuslar olib kelish masalasi muhokama etildi

    Transport 22 Dekabr 2022 1243

    Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilxom Maxkamov Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim bilan uchrashdi.

    XXRning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari hamda Oʻzbekistoning XXRdagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev ishtirok etgan uchrashuvda tomonlar transport sohasidagi hamkorlik aloqalarining dolzarb masalalarini muhokama etdi.

    Xususan, XXRning yirik zavodlari tomonidan ishlab chiqarilgan avtobuslarni yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.

    Tomonlar uchrashuvda avtobuslar sotib olishni moliyalashtirish, yetkazib berish muddatlari va Xitoydan Oʻzbekistonga tezlashtirilgan tartibda yetkazib berish boʻyicha ishlarni tashkil etish masalalarini muhokama etdi.

    Oʻz navbatida, Szyan Yan xonim mamlakatimizda jamoat transportini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning muhimligini taʼkidlagan holda uchrashuvda muhokama etilgan masalalar yuzasidan har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.